Xitoyning “Chan’e-5” zondi Oydan Yerga yetkazgan tuproq namunasi o’lchanib, Xitoy Fanlar akademiyasi prezidenti Xou Szyangoga topshirildi.
19 dekabrda o’tgan tantanali marosimda Xitoy milliy koinot boshqarmasi (CNSA) rahbari Chjan Keszyan Oydan keltirilgan tuproq namunasini Szyangoga topshirgan. Tuproq og’irligi o’lchanganda 1731 gramm chiqqan.
Marosimda Xitoy bosh vaziri o’rinbosari Lyu Xe ham ishtirok etgan. U “Chan’e-5”ning missiyasini Xitoyning aerokoinot sohasidagi qudratini oshirishdagi muhim davr deb atagan.
Tuproq so’ngra Fanlar akademiyasi qoshidagi Davlat astronomik observatoriyasining laboratoriyasiga berilgan. Endilikda olimlar namunalarni saqlash, tahlil qilish va o’rganish bilan shug’ullanishadi.
17 dekabrda “Chan’e-5” zondi moduli Yerga Oydan olingan tuproq namunalari bilan qaytgandi.