Xitoy banklari Rossiyaga qarshi sanksiyalarga to'liq qo'shildi

Xitoy banklari sanksiyalar ostida qolgan Rossiya kredit tashkilotlari bilan hamkorlik qilmaydi, dedi «Otkrыtie» banki rahbari Mixail Zadornov RBK ga bergan intervyusida.

“Xitoy banklari AQSh moliya vazirligi tomonidan o’rnatilgan barcha sanksiya cheklovlariga to’liq amal qilmoqda. Masalan, ular sanksiyaga tushgan Rossiya banklari bilan ishlamayapti”, – dedi u.

«Otkrыtie» banki birinchilardan bo’lib eng keskin sanksiyalarga duchor bo’ldi – urush boshlanganidan so’ng darhol AQSh G’aznachiligi uni SDN ro’yxatiga kiritdi.

Hozirda ushbu ro’yxatda Rossiyaning yettita tizimli muhim banklari mavjud, bu yarmidan ko’pi degani. Ular orasida «Sber», VTB, «Otkrыtie» Alfa-Bank va boshqalar bor. Ularni SDN ro’yxatiga kiritish orqali, AQSh G’aznachiligi Amerika banklari va yuridik shaxslariga ular bilan har qanday operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqladi. Bundan tashqari, banklar va ular nazorat qiladigan tuzilmalarning barcha aktivlari AQSh yurisdiksiyasida bloklangan.

Ularning barchasi, shu jumladan SWIFT tizimidan ham uzilgan, shuning uchun SDN ro’yxatiga kirgandan so’ng banklar chet elga barcha pul o’tkazmalarini to’xtatdilar.

Yana ikkita tizimli ahamiyatga ega banklar – Rosselxozbank va Moskva kredit banki – Yevropa Ittifoqi maxsus sanksiyalarni qo’llash orqali SWIFT tizimidan shunchaki uzib qo’yildi.

Zadornovning so’zlariga ko’ra, sanksiyalar tufayli banklardagi dollar, yevro va funt sterlingdagi depozitlar hajmi o’n oy ichida 40 foizga, ya’ni 94 milliard dollardan qariyb 57 milliard dollargacha qisqargan. “Bu aholi o’z jamg’armalarining bir qismini yo naqd, yo rublga yoki xorijga o’tkazganidan dalolat beradi. Bu mamlakat va tizim uchun unchalik yaxshi emas, chunki bu kapitalning mamlakatdan ochiqchasiga chiqib ketishi”, – dedi bankir.

Qisman Xitoy banklari sanksiyalarga rioya qilgani uchun, yuanga bo’lgan talab, bunday ta’sirni bartaraf eta olmaydi, dedi u. Zadornovning so’zlariga ko’ra, bu Rossiya va Xitoy banklari o’rtasidagi hisob-kitoblar erkinligi va yuandagi to’lovlarning harakatiga ta’sir qiladi.

Shunga qaramay, Rossiya Xitoyni do’st mamlakat deb ataydi. To’qqiz oyda Rossiya va Xitoy o’rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 33 foizga oshdi. Moskva birjasida yuanga talab yiliga bir necha marta oylik rekordlarga erishdi, Rossiya banklarida ham Xitoy valyutasiga talab oshdi.

Shu bilan birga, sanksiyalar ostida qolgan banklar yuan bilan operatsiyalarni amalga oshirishda muammolarga duch kelishgan. Misol uchun, Sberbank ularni iyun oyida vaqtincha to’xtatishga majbur bo’lgan.

Aprel oyining oxirida Xitoyning UnionPay to’lov tizimi AQShning ikkilamchi sanksiyalariga tushib qolishdan qo’rqib, SDN ro’yxatiga kiritilgan Rossiya banklari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi. Vaholanki Rossiya banklari, Rossiyani tark etgan Visa va Mastercard o’rniga UnionPay kartalarini ommaviy ravishda chiqarishni boshlamoqchi edilar.

Mulohaza

Misli ko’rilmagan tarzdagi bunday sanksiyalardan so’ng, Rossiya ishbilarmonlari «qora bozor»ga kirishga majbur bo’lishi tayin. Bu esa, dunyoning barcha kontrabandachilari, o’g’ri-muttahamlari, firibgar-qalloblari uchun keng va komfort hudud bo’lib xizmat qiladi. Demak, yirik kapital va halol investitsiyalar uchun kelajakda Rossiya o’z jozibasini yo’qotishi mumkin. Xitoy uchun esa kuchsiz, iqtisodiy jihatdan qaram va Xitoyga muhtoj bo’lgan mamlakatlar har doim kerak. Shuning uchun Rossiyani Xitoy qo’llab-quvvatlaydi, deganlar bekorga xomtama bo’lishmagani ma’qul.