Usmoniylar imperiyasi tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, sulton haramidagi kanizaklar orasida zahar ichish orqali joniga qasd qilish o’lishning eng keng tarqalgan, mashhur usullaridan biri bo’lganini ko’ramiz. Kanizaklar zahardan nafaqat o’z joniga qasd qilishda, balki raqobatchilarini o’ldirishda ham unumli foydalangan. Zaharni esa sulton saroyi — To’pqopi saroyiga yevnuxlar, savdogarlar, qullar olib kirishgan. Haramdagi sulton kanizaklari ham aslida qul hisoblanishiga qaramay, juda boy bo’lishgan. Shu sababli ularning ixtiyorida hamisha ikki-uch shisha idishga joylangan zahar tayyor turgan.
Xo’sh, kanizak, sultonning favoritkasi, suyuklisi, rafiqasi nega o’z joniga qasd qilgan? Unga nima yetmagan? Ma’lum bo’lishicha, ko’p holatlarda sultonning suyuklisi bo’lishiga qaramay, arzimas xato tufayli o’limga mahkum qilingan kanizaklar osongina zahar ichib o’lishni ma’qul bilgan. Chunki sulton ularni darrov o’ldirmagan bo’lardi. Turli qiynoqlardan keyingina jallod boshini tanasidan judo qilishi yoki osib o’ldirishi mumkin edi. Shu shafqatsizliklardan xoli bo’lish maqsadida qo’pol, kechirilmas xatoga yo’l qo’ygan, yoki raqobatchilari imi-jimida o’ldirish payida bo’lgan kanizak ixtiyoridagi zaharni ichgan-u, bir necha daqiqa ichida boqiy dunyoga ravona bo’lgan.
Sulton Fotih yangi qonunni o’ylab topgach, keyingi sultonlar bu qonundan bajonidil foydalana boshlashgan. Qonunning talabi shundan iborat ediki, imperiya taxtini egallagan sulton raqobatchi hisoblangan barcha aka-ukalari, erkak qarindoshlarini kanizaklari-yu, farzandlari bilan qo’shib qatl etishi lozim. Shunday qilsa, imperiyada qo’zg’olonlar, qon to’kishlar, tartibsizliklar bo’lmaydi deya hisoblangan. Ana shu narsa sulton Sulaymon og’ir ahvolda yotgan mahali ham Xurram sultonni qattiq tashvishga solgan. U bilgan. Xudo ko’rsatmasin, sulton Sulaymonga bir gap bo’lsa, raqobatchisi, kundoshi, shahzoda Mustafoning onasi Mohidavron albatta uni va bolalarini o’ldirtirib yuboradi. Shuning uchun ehtiyotini qilgan holda oldindan zaharni taxt qilib qo’ygan. Kundoshning qo’lida o’lgandan, bolalari bilan birgalikda zahar ichib o’lshni lozim ko’rgan.
yandex. ru
Olimjon HAYIT tayyorladi