Fethie Turkiyaning Egey dengizi sohilidagi marvariddir. To’g’ridan-to’g’ri qoyalarga o’yilgan hayratlanarli antik manzaralarga ega ulkan Likiya tog’lari; moviy shaffof dengizi, deyarli yil davomida iliq va mo»tadil ob-havosi; so’lim tabiati – apelsin, anor, limon, qarag’ay daraxtlari, qumli sohillari – bularning barchasi Fethiega turk kurortlari orasida faxrlanishga va butun dunyodan kelgan sayyohlarning e’tiborini qozonishga imkon beradi. Fethie Dalaman aeroportidan 60 km, Antaliya aeroportidan 300 km uzoqlikda joylashgan.
O’ludeniz Fethiening mashhur kurortlaridan bo’lib, u yerda go’zal tabiat qo’ynidagi qumli sohillarda sifatli dam olishingiz kafolatlanadi. Go’jek — yaxtachilikning poytaxti hamda Likiya tog’lari orasida paraplanda uchishingiz mumkin bo’lgan Fethiedagi ajoyib maskandir.
Fethiedagi sohillar, odatda, oq qum va toshlardan iborat bo’lib, noyob toshbaqalar tuxum qo’yish uchun keladigan uzun qumli sohil piyoda yurish uchun ayni muddao. Shuningdek, shaffof zilol suvda suzish uchun Agia Nikola oroliga tashrif buyurishingiz mumkin.
Fethie yaqinida diqqatga sazovor joylar yetarlicha ko’p. Ularning aksariyati zilzilalar natijasida vayron bo’lgan, ammo ba’zi qadimiy binolar saqlanib qolgan. Misol tariqasida, Rim teatri qoldiqlari yoki 600 yillik tarixga ega ritsar qal’asi xarobalari bilan tanishishingiz va Mendos qoyasiga o’yilgan Likiya qabrlarini ziyorat qilishingiz mumkin. Ulardan eng qadimiy va eng kattasi – Amintas qabridir.
Siz yaxta ijaraga olib, Go’jekdagi 12 orolga sayohatga chiqishingiz va Fethiedagi Babadag’ qoyasidan sakrashingiz mumkin. Sportga qiziqmaydiganlar uchun esa, Kaya Kay shaharchasiga ekskursiya qilishni, qarag’ayzorlar oralab sayr qilishni, so’ng esa, Kapalaklar vodiysiga tashrif buyurishni tavsiya qilamiz.