Yashash uchun ruxsatnoma (VNJ), ish vizasini olish, chet el fuqarolarini ishga joylashtirish, sug’urta olish bo’yicha maslahatlar, shuningdek, biznes ochish va boshqa xuquqiy xizmatlar ko’rsatadigan “Rıght Partner” konsalting kompaniyasi rahbari.
Sakarya universitetining mehnat iqtisodiyoti va ishlab chiqarish munosabatlari mutaxassisligi bo’yicha bitiruvchisi
Istanbul va Antaliyada turizm sohasida ishlagan. Muhojirlar bilan ishlashda katta tajribaga ega
Muhbir: Har kuni minglab xorijliklar Antaliyaga turli umid, turli maqsad va albatta, «cho’ntagida» turli miqdordagi pul bilan kelishadi.
Aytingchi, kundan-kunga Antaliyada muhojirlar oqimi ko’payib borayotganligi, bu bu yerning ijtimoiy-iqtisodiy xolatiga qanday ta’sir qilmoqda?
Rustam Bazarov: Darhaqiqat, so’nggi 5 oy davomida Antaliyaga muhojirlarning kirib kelishi keskin oshdi. Har yili Turkiyaga daromad topish umidida kelayotgan mehnat muhojirlariga nisbatan, hozirda Ukrainadagi mojaroga aloqador mamlakatlardan “qochoqlar” soni ancha ko’paygan.
Ushbu vaziyat, eng avvalo, uy-joyga bo’lgan talabni kuchaytirdi. Kvartiralarni ijaraga berish yoki sotish narxlari bir-necha barobar oshib ketdi. Masalan, uy-joy ijarasining narxi o’rta darajadagi kvartira uchun 150 AQSh dollaridan 750 AQSh dollarigacha ko’tarildi. Shu sababli ayrim uy egalari (ev sahiblari) ilgari tuzilgan shartnomalarni bekor qilib, yangi ijarachilarni olishmoqda. Shu bilan birga, mehmonxona egalari ham o’z xizmatlarini 50% dan 100% gacha ko’tardilar.
Oziq-ovqatlar bozorida narxlar 20-25%ga oshdi. Bugungi kunda Turkiya iktisodiyotidagi inflyatsiya 85,5% ga (Treyding ekonomiksning 07.12.2022 sanada bergan ma’lumotiga ko’ra) yetgani sababli Turkiya Prezidenti Redjap Erdogan aholini qo’llab quvvatlab, gaz to’lovini qoplash uchun har bir oilaga 1000 turk lirasi (50 AQSh dollari)dan ajratdi.
Antaliyadagi ijtimoiy-iqtisodiy xolatning o’zgarishi bir tomonlama mahalliy aholiga, ko’pchilik tadbirkorlarga qo’l kelgan bo’lsa, ikkinchi tarafdan, ko’chmas mulk bozoridagi narxlarning ko’tarilishi aholining ayrim qismi tomonidan muhojirlarga bo’lgan munosabatning salbiylashuviga sabab bo’lmoqda. Ular tomondan ko’chmas mulkni muhojirlarga sotishni cheklash, ularning ko’chmas mulk oldi-sotdi operatsiyasi bilan shug’ullanishini ta’qiqlash kabi takliflarini ko’tarib chiqib, hukumatga murojaat qilishmoqda.
Muhojirlar orasidagi raqobatga eng kuchli ta’sir qilayotgan omil – bu mehnat bozoridagi raqobat. Hozirgi kunda Rossiya, Belarusiya va Ukraina fuqarolari nafaqat yirik turk kompaniyalarida, balki o’rta va kichik biznes korxonalaridagi ishchi o’rinlarni ham egallashganiga guvoh bo’lmoqdamiz.
Muhbir: Sizningcha, O’zbekistonlik muhojirlar Turkiyada shakllangan bunday kuchli raqobatga bardosh bera oladimi?
Rustam Bazarov: Men bir necha sabablarga ko’ra Belorussiya, Rossiya yoki Ukraina fuqarolaridan ko’ra, o’zbekistonlik muhojirlar uchun vaziyat qiyinroq bo’ladi, deb aytgan bo’lardim. Birinchidan, mojarolarga bevosita aloqadar bo’lgan mamlakatlardan kelgan muhojirlarning ko’pchiligi yuqori kasbiy malakaga ega. Ikkinchidan, men bilan bog’langanlarning aksariyati – IT mutaxassisi yoki ko’chmas mulk savdosi yoki qurilish sohasi kabi talabgor kasblar egalari. Uchinchidan, eng muhimi, ularning o’zlari bilan olib kelgan moliyaviy zahirasi O’zbekistondan kelgan mehnat muhojirlarnikiga nisbatan ancha ko’proq va shu sababli ular ijara narxining, davlat to’lovlarining va hatto «iste’mol savati» qiymatining oshishiga bardosh bera oladi.
Muhbir: Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarning aksariyati bizning vatandoshlar kabi holatda deyish mumkinmi?
Rustam Bazarov: Ha, chunki ushbu davlatlardan kelgan mehnat muhojirlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati juda o’xshash.
Muhbir: Rustam, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga, jumladan, o’zbekistonlik vatandoshlarimizga yuqoridagi resurslarni egallashida ularning raqobatbardoshligini oshirish uchun nima qilishni maslahat bergan bo’lardingiz?
Rustam Bazarov: Avvalo, hozirgi o’zgaruvchan vaziyatdan foydalanib, Markaziy Osiyodan kelganlarga vizaning to’xtatilishi haqidagi mish-mishlarni tarqatayotgan turli tovlamachilar tuzog’iga tushib qolishdan ogohlantirmoqchiman. Vizalarni olish bo’yicha hujjatlarni rasmiylashtirish tartib – qoidalari o’zgarmagan.
Bundan tashqari: qozoq, o’zbek, qirg’iz, turkman turkiy xalqlarning tillari turkchaga yaqin bo’lganligi sababli uni puxta o’zlashtirish yo’lida ko’p mehnat qilishlarini maslahat bergan bo’lardim. Bu Yevropa va boshqa MDH mamlakatlari vakillariga nisbatan katta ustunlik beruvchi muhim omil. Uchinchidan, migratsiyaga oid tegishli qonun va qoidalari bilan oldindan tanishib chiqishi va yangiliklardan boxabar bo’lishlari kerak. Bu ularga har qanday o’zgarishlarga qarab tezkor moslashish va o’z harakatlarini oldindan rejalashtirish imkonini beradi.
Muhbir: Rustam, mazmunli suhbatingiz va tavsiyalaringiz uchun sizdan minnatdormiz. Umid qilamizki, o’quvchilarimiz ulardan albatta foydalanadi.
Rustam Bazarov: Suhbatimiz nihoyasida sizning o’quvchilaringizga yana bir tavsiya va maslahat berish bilan murojaat qilmoqchiman, ya’ni: haqiqiy vaziyatni bilish uchun turli davlat tashkilotlari va xususiy kompaniyalarga murojaat qilishdan tortinmang. Ko’chadagi mish-mishlarga ishonmang! Biz bilan bog’lalansangiz, sizga qo’limizdan kelgancha yordam berishga doim tayyormiz!
Muhbir: Tashakkur!