Toyota Corolla dunyodagi eng ommabop avtomobil nomini saqlab qolmoqda. Markaning Avstraliyadagi bo’linmasi yaqinda kompaniya 50 millioninchi modelini sotib rekord o’rnatgan edi. Bunda Avstraliya bozori muhim rolni o’ynagan: birinchidan, Avstraliya Corolla birinchilardan bo’lib eksport qilingan mamlakatga aylangan (1966 yilda), ikkinchidan, mahalliy bozorda 54 yildan buyon 1,5 million dona shu kabi mashina sotilgan, deb xabar beradi Motor.
Bugungi kunda Toyota Corolla dunyoning 150 mamlakatida taqdim etilgan bo’lib, Yaponiya, Braziliya, Venesuela, Xitoy, Pokiston, Janubiy Afrika, Tayvan, Tailand, Vyetnam, Turkiya, AQSh va Buyuk Britaniyadagi 12 ta zavodda ishlab chiqariladi. Statistikaga ko’ra, dunyoda har 30 soniyada bitta Corolla sotiladi.
1966 yildan buyon ishlab chiqarilayotgan va hozirga qadar 12 avlodni almashtirgan model 1997 yildan buyon tarixda eng ko’p sotilayotgan avtomobillar reytingiga yetakchilik qilgan. 2005 yilda Corolla 30 million nusxada sotilgani sabab «Ginnesning rekordlar kitobi»ga kiritilgan.
daryo.uz