Toshkentda 2023 yilning 3-5 oktyabr kunlari 4 ballgacha bo’lgan magnit bo’ronlari kuzatiladi. Bu bo’yicha prognozlarni «Meteonova» taqdim etdi.
Ma’lumotlarga ko’ra, magnit bo’ronlarining eng yuqori ko’rsatkichi bugun soat 11:00 va 14:00 oralig’ida kuzatildi. Bu 4 ballga teng bo’lgan kuchga ega magnit bo’roni bo’lib, inson hayoti uchun unchalik xavfli emas. 4 va 5 oktyabr kunlari magnit bo’roni 3 ballga teng bo’lishi kutilmoqda. Bu ko’rsatkich 4 oktyabr kuni soat 11:00 dan 14:00 gacha, 5 oktyabr kuni esa 8:00 da kuzatiladi. Qolgan vaqtlarda 1-2 ballga teng bo’ladi.
Ma’lumot o’rnida aytish kerakki, magnit bo’ronlarida eng yuqori ko’rsatkich 8-9 ballni tashkil etadi. Magnit bo’ronlari atamasi avvaldan mavjud. Biroq yaqin vaqtlardan buyon bu atama ko’p qo’llanib kelinmoqda. Inson hayotiga magnit bo’ronining xavf ta’siri kuchli bo’lish ehtimoli mavjud bo’lganda, Sog’liqni saqlash vazirliklari odamlarni bu masalada e’tiborli bo’lishi kerakligi haqida ogohlantiradi.
Magnit bo’ronlari — kompas magnit milining surilishini qo’zg’atuvchi Yer magnit maydonining keskin o’zgarishi. Magnit bo’ronlari bir vaqtda Yer yuzining katta hududlarida, ba’zan butun Yer yuzida kuzatiladi. Magnit bo’ronlari, ko’pincha, tun vaqtiga to’g’ri keladi.
Bu jarayon yurak-qon tomir va asab sohasining surunkali kasalliklaridan aziyat chekayotgan insonlarda biroz qiyin kechadi. Chunki, bu holatda magnit bo’roni qon aylanish tizimi o’zgarishiga sabab bo’ladi. Eritrotsitlar tarkibidagi temir moddasi magnit bo’roni vaqtida ta’sirlanib, tomirlarda tromb hosil qiladi.
Asab kasalligi mavjud insonlarda magnit bo’roni vaqtida gormonlar ishlab chiqarish kuchayadi, natijada holsizlik, jizzakilik kabi belgilar paydo bo’ladi.
Magnit bo’ronlari sodir bo’ladigan kunlar haqida OAV orqali xabar beriladi.
Bu jarayonlarda inson o’zini-o’zi asrashi kerak. Spirtli ichimliklar, chekishni cheklash, hazm qilinishi qiyin bo’lgan ovqatlarni iste’mol qilmaslik va kamroq asabiylashishdan tiyilish lozim.
Imkon qadar ko’proq dush qabul qilib, iliq suv ichish va salqin xonalarda o’tirish kerak. Yurak-qon tomir kasalliklaridan aziyat chekayotgan insonlar esa yolg’iz qolmasligi talab etiladi.