Tesla rahbari aksiyalarini sotdi

Tesla rahbari jami qiymati 9,8 milliard dollardan ortiq bo’lgan aksiyalarni sotgan

Tesla bosh direktori Ilon Mask o’z aksiyalarining yana bir qismini 1,05 milliard dollarga sotdi. Buni AQSh Qimmatli qog’ozlar komissiyasi (SEC) ma’lumotlari tasdiqlaydi.

Qayd etilishicha, kompaniya rahbari jami qiymati 9,8 milliard dollardan ortiq bo’lgan aksiyalarni sotgan. «Vc.ru»ning yozishicha, 23 noyabr kunining o’zidayoq Tesla qimmatli qog’ozlari qiymati 4 foizga — qariyb 1,1 ming dollarga tushgan.

Hozirda Texas rezidenti bo’lgan Mask avvalroq Tesla’ning qariyb 7 milliard dollarlik aksiyalarini sotgan, deb yozadi The Wall Street Journal. Tadbirkor avvallari yashagan Kaliforniya tez orada unga sotuvning 85 foizi uchun soliq hisob-fakturasini yuboradi.

Eslatib o’tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon oziq-ovqat dasturi (WFP) veb-saytida «milliarderlarga bir martalik murojaat» e’lon qilindi. Dastur ularni «42 million odamni ochlikdan qutqarish» uchun 6,6 milliard dollar xayriya qilishga chaqirdi.

Shundan so’g Ilon Mask BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) vakillaridan buni qanday amalga oshirish mumkinligini tushuntirishni so’radi. Mask o’z so’rovini Twitter’ga joylashtirdi va ishonchli javob bo’lsa, o’zining Tesla’dagi aksiyalarini sotishga va’da berdi.

«Agar WFP ushbu Twitter sahifasida 6 milliard dollar dunyodagi ochlikni qanday hal qilishini aniq tasvirlab bera olsa, men hoziroq Tesla aksiyalarini sotaman va buni amalga oshiraman», — deb yozgan Mask.
Avvalroq Ilon Mask 6 milliard dollar dunyodagi ochlikni yo’qota olishiga shubha bildirib, agar bu isbotlancha, o’zining Tesla’dagi aksiyalarini sotishga tayyorligini ma’lum qilgandi.