Bugun Kinematografiya agentligi tomonidan “Ipak yo’li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali oldidan amerikalik taniqli kompozitor, prodyuser, ikki karra xalqaro Gremmi mukofoti sovrindori Uolter Afanasyeff bilan ijodiy uchrashuv bo’lib o’tdi.
Shuningdek, AQShda ijod qilab kelayotgan rejissyor Bahodir Yuldashev bilan ham suhbat o’tkazildi.
Uolter Afanasyeff ijodi davomida «Titanik», «Olovuddin» va boshqa shu kabi mashhur kinokartinalar bilan birga buyuk mutafakkir Mirzo Ulug’bek haqidagi “Osmon toqiga qo’yilgan narvon” hujjatli filmi uchun musiqa bastalagan.
Ijodiy suhbatda zamonaviy o’zbek kino san’ati, yosh kadrlar masalalari, filmlarga musiqa bastalash bo’yicha kerakli ma’lumotlar berildi. Shuningdek, mutaxassislar kino sohasidagi ijodiy yutuqlari, tajribasi va yangi loyihalari bo’yicha kerakli ma’lumotlarni berishdi.
Eslatib o’tamiz, Kinofestival doirasida ko’plab ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, anjumanlar va muloqotlar bo’lib o’tadi.