Mana bahor ham kirib, barchamizni xursand qildi. Faqatgina bitta muammodan tashqari: semirgan qomatimizni qishki qalin kiyimlarda yashirgan bo’lsak, endilikda buning iloji yo’q.
Kelishgan va xushbichim qomatni kim ham orzu qilmaydi, deysiz?! Shuning uchun ham bugundan boshlab Zira sizlarga to’g’ri ozish usullari haqida oz-ozdan maslahatlar berib borishga qaror qildi. Buning uchun maxsus parhezlarga o’tishni tavsiya qilmaymiz, chunki parhez tutib 5 kiloga ozsangiz, uni to’xtatgan zahotingiz, 10 kiloga birdan semirishingiz aniq. Suv biz iste’mol qiladigan ichimliklarning ichida eng foydalisi desak, adashmaymiz. Suv organizm uchun foydali bo’libgina qolmasdan, ortiqcha vazndan ham xalos etadi. Qanday qilib deysizmi? Keling, batafsilroq bilib olamiz.
Dietologlarning ta’kidlashlaricha inson bir kunda o’rtacha 1.5 – 2 litr atrofida toza ichimlik suvidan ichishi kerak.
Suvni to’g’ri ichish qoidalari
1. Bir kunda o’rtacha 1.5 litrdan 2.5 litrgacha suv ichish tavsiya qilinadi, lekin undan ko’p emas. Ko’proq ichaman va ikki hissa tezroq ozaman deb organizmingizga zarar yetkazib qo’yishingiz mumkin.
2. Choy, qahva va sharbatlar bunga kirmaydi. Qahva aksincha organizmni suvsizlantirib qo’yadi. Bir finjon qahva ichsangiz, yana bir funjobn ichimlik suvi ham ichishingiz kerak.
3. Suvni ertalab och qoringa iching. Ertalab saharda ichilgan 2 stakan suv sizga 24 kKal dan xalos bo’lishda yordam berar ekan. Bu quvvatni organizm faqatgina suvni hazm qilishga sarflar ekan.
4. Ovqatdan yarim soat oldin suv ichishni odat qiling. Bu bilan siz ishtahangizni ham biroz yo’qotishga erishasiz. Ovqatlanish vaqtida, yoki undan keyin darhol suv ichmang. 1.5 – 2 soatdan keyin suv ichsangiz, oshqozon-ichak faoliyatini yaxshi ishlashini ta’minlagan bo’lasiz.
5. Faqatgina iliq, xona haroratidagi suvdan iste’mol qiling. Sovuq yoki qaynoq suv ichib, oshqozoningizni buzishingiz hech gap emas. Iliq suv to’qlik hissini bag’ishlasa, muzdek suv ichilganda esa miyaga ochlik signali yetkaziladi.
6. Suv terini namlantirib, ajin tushishini sekinlashtiradi. Inson organizmi 70 % suyuqlikdan tashkil topganligi sabab ham, suvni me’yorda ichish teri va organizmning qurib qolishini oldini oladi.
Suvni quyidagi miqdorda ichib, bir oyda 5 kiloga ozishingiz mumkin
Nonushtada. Nonushtadan kamida 20 daqiqa oldin 2 stakan suv iching, lekin bundan ortiq ham, kam ham emas. Nonushta qilib bo’lgach 2 soat hech narsa ichmang va ikki soat hech narsa ichmang.
Tushlikda. Tushlikdan 30-60 daqiqa oldin yana 2 stakan ichimlik suvidan ichimiz. Tushlik vaqtida va ikki soat undan keyin suv ichmaymiz.
Kechki ovqatda. Kechki ovqatlanishdan oldin 1 stakan yoki xohishga qarab 2 stakan suv iching va faqatgina yarim soatdan so’nggina ovqatlaning.
Mana uch mahalgina ichilgan suvni hisoblasak 1.5 litr suv ichgan bo’lasiz. Yuqoridagi qoidalarga amal qiling, chiroyli va sog’lom ozing. Asosiysi ozishingizga ishoning va tez orada o’zingiz xohlagan natijaga erishasiz.
manba: zira.uz