Sirdaryolik ayol sudga ariza bilan murojaat qilib, turmush o’rtog’ini bedarak yo’qolgan, deb topish haqidagi avval qabul qilingan sud qarorini bekor qilishni so’radi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
U o’z arizasida va suddagi tushuntirishida turmush o’rtog’i bilan 1993 yil 14 dekabrda qonuniy nikohdan o’tib turmush qurganligini, 2000 yilda turmush o’rtog’i uydan chiqib ketganicha qaytib kelmaganligini ma’lum qildi.
O’sha vaqtda turmush o’rtog’i IIB tomonidan bir necha yil qidiruvda bo’lganligini, biroq topilmaganligini, fuqarolik ishlari bo’yicha Oqoltin tumanlararo sudining 2014 yil 24 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko’ra, turmush o’rtog’i bedarak yo’qolgan, deb topilganligini ham aytdi. Lekin 2021 yil 23 sentyabrda Rossiya Federatsiyasi, Yevreyskaya avtonom oblasti, Birobidjan shahar notarial idorasi tomonidan tasdiqlangan va turmush o’rtog’idan o’g’lining nomiga ishonchnoma yuborilganligini va bedarak yo’qolgan turmush o’rtog’i topilganini ma’lum qildi. Ya’ni ayni vaqtda turmush o’rtog’i Rossiya davlatida yashab kelayotganligi aniqlanganligini bildirib, uni bedarak yo’qolgan, deb topish haqidagi avvalgi sud qarorini bekor qilishni so’radi.
Shuningdek, sud majlisida so’ralgan arizachining o’g’li otasi haqiqatan ham 2021 yil 23 sentyabrda unga Rossiya Federatsiyasi, Yevreyskaya avtonom oblasti Birobidjan shahar notarial idorasi tomonidan tasdiqlangan ariza yuborganligini, u bilan gaplashib turishini, otasi Rossiya fuqaroligini olganligini bayon qilib, onasining arizasini qanoatlantirishni so’radi.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 35-moddasiga ko’ra, bedarak yo’qolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uni bedarak yo’kolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi.
O’zbekiston Respublikasi FPK ning 309-moddasiga ko’ra, bedarak yo’qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turgan joyi aniqlangan taqdirda, sud o’zining ilgarigi hal qiluv qarorini yangi hal qiluv qarori bilan bekor qiladi. Yangi hal qiluv qarori tegishincha mol-mulkka nisbatan boshqaruvni yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi fuqaroning vafotiga doir yozuvni bekor qilish uchun asos bo’ladi.
Fuqarolik ishlari bo’yicha Oqoltin tumanlararo sudining navbatdagi sud majlisida muhokama qilingan mazkur ish yakunida sudning xal qiluv qarori qabul qilindi. Ya’ni 1970 yil 13 noyabrda tug’ilgan fuqaro Mahmudovni bedarak yo’qolgan deb topish haqidagi fuqarolik ishlari bo’yicha Oqoltin tumanlararo sudining 2014 yil 24 iyuldagi hal qiluv qarori bekor qilindi.
Shu o’rinda savol tug’iladi. Nega bu ayol topilgan turmush o’rtog’ining bedarak yo’qolganligini rasman tan olinishini xohlamadi? Axir, turmush o’rtog’ining O’zbekistonga qaytib kelmasligi va oilasini qaytadan tiklay olmasligini yaxshi bilardiku. Uni sudga yana murojaat qilishiga sabab bundan yigirma yil avval bedarak yo’qolgan, deb topilgan turmush o’rtog’ining nomidagi uy-joyni farzandlarining nomiga rasmiylashtirish ehtiyoji bo’ldi.