Ozg’ingina Natalya yaqin-yaqinlarda ham Ijevskda oddiy hayot tarzini kechirardi. Hozir esa Nigeriyadagi oliy tabaqa vakillaridan birining rafiqasi. Aytishlaricha, unga Nigeriyada Yisa xonim deb ism qo’yishibdi. Turmush o’rtog’i Jeykob bilan Ijevskda tanishgan. Universitetda birga o’qishgan ekan. To’rtinchi kursda ular orasida muhabbat paydo bo’libdi. O’g’li rus qizi bilan ishqiy sarguzashtlar boshlaganidan xabar topgan ona Nigeriyadan Ijevskga yetib kelgan va Natalyani o’z ko’zi bilan ko’rgach, bir savolni o’rtaga tashlagan: «Men tushunmadim. Haliyam turmush qurmadinglarmi?..»
Onaning gapidan to’lqinlanib ketgan Jeykob o’sha kuniyoq Natalya bilan nikohdan o’tibdi. Yosh oila Nigeriyada yashashni ma’qul ko’rdi. Chunki Jeykobning har jihatdan imkoniyatlari vatanida ko’proqni tashkil etarkan. O’sha yoqqa borgandan keyingina Natalya aslida kimga turmushga chiqqanini anglab yetdi. Ilgari Jeykob bu haqda umuman og’iz ochmagan ekan. Ma’lum bo’ldiki, Jeykobning otasi Nigeriya dohiysining bosh maslahatchisi hisoblangan. Onasi esa qirollik oilasiga mansub ekan. Demak, Jeykob shahzoda bo’lgan. Bunday kutilmagan yangiliklarni eshitgach, Natalya o’shanda sal qursa baxtdan yorilay dedi…
Oradan to’qqiz oy o’tib ular o’g’illi bo’lishdi va ismini Jago-Maks deb qo’yishdi. Chaqaloq avtomat tarzda Nigeriya taxti vorisiga aylandi.
— Dastlabki paytlarda, — deydi Natalya. — Men umuman hech narsa qilmasdim. Xizmatkorlar ovqatimni pishirishardi, ko’rpa-yostiqlarimgacha tartibga keltirishardi. Nima kerak bo’lsa, muhayyo qilishardi. Ammo borib-borib o’zim uchun bu holat g’alati tuyula boshladi. Odam nima bilandir mashg’ul bo’lmasa yarashmaskan. Keyinchalik o’zim idish-tovoq yuvadigan, do’konga chiqib keladigan, hatto erimga ham o’z qo’llarim bilan taom pishiradigan bo’ldim. Ammo xizmatkorlarga sir boy bermadim. Ayyorlik qildim. Masalan, idish yuvsam, aytdimki, bu idishlar juda qimmat turadi va ularni hech kimga ishonmayman…
Asosiysi, rossiyalik bu qiz juda baxtli va erini, farzandini sevadi.
Olimjon HAYIT tayyorladi