Hindistonning 2023 yil Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga raisligi doirasida Dehli shahrida qator xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda, deya xabar berdi «Dunyo» agentligi.
Mazkur ko’p tomonlama anjumanlar doirasida tashkilotga a’zo davlatlar Mudofaa vazirliklarining xalqaro hamkorlik masalalariga mas’ul tarkibiy bo’linmalari rahbarlari uchrashuvida O’zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi qatnashdi.
Tadbirda ShHTga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining navbatdagi yig’ilishi tashkiliy masalalari, tadbir dasturi va kun tartibi, ShHT Mudofaa vazirliklari o’rtasida 2024–2025 yillarga mo’ljallangan xalqaro harbiy hamkorlik rejasi loyihalari muhokama etildi.
Shuningdek, mart oyida Hindiston mezbonligida o’tkaziladigan «Insonparvarlik yordami va tabiiy ofatlar vaqtida xavflarni kamaytirishga ko’maklashish hamda tabiiy ofatlarga chidamli infratuzilmalar» va «ShHTga a’zo davlatlar Qurolli kuchlarining harbiy tibbiyot, aholi salomatligi va pandemiyaga qarshi kurashishga qo’shgan hissasi» mavzularidagi seminarlarga tayyorgarlik ko’rish hamda ushbu anjumanlarda xorijiy delegatsiyalarning ishtiroki masalalari ko’rib chiqildi.
Yig’ilish yakunlari bo’yicha ishtirokchilar o’rtasida ko’rib chiqilgan masalalar yuzasidan kelishuvga erishilib, tegishli bayonot imzolandi.