Davlat Soliq Qo’mitasi qanday cheklarga keshbek qaytarilmasligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, quyidagi holatlarda keshbek berilmaydi:
agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o’tgan bo’lsa;
agar sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo’lsa;
avtomobil, havo va temir yo’l chiptalarini sotib olish natijasida olingan, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to’lov cheklari uchun;
DSQ tomonidan yuritiladigan shubhali xaridorlar reestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari uchun.
Qo’mitaning ta’kidlashicha, shuningdek, keshbekka ega bo’lish uchun boshqa fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan xarid cheklarini egasining ruxsatisiz ro’yxatdan o’tkazgan shaxslar shubhali xaridorlar hisoblanadi.
Bunda, xaridni amalga oshirgan shaxs o’z cheki boshqa foydalanuvchi tomonidan Soliq mobil ilovasida (Android/iOS) ro’yxatdan o’tkazilganligini aniqlasa:
chekni ro’yxatdan o’tkazgan shaxs foydasiga keshbekdan voz kechishi mumkin;
yoki ushbu shaxs ustidan shikoyat qilishi mumkin. Buning uchun Soliq ilovasida ochiladigan maxsus oynada shikoyat qilishni istaysizmi so’roviga «ha» javobini tanlash kerak.
Mobil ilova orqali o’zgalarga tegishli bo’lgan 15 va undan ortiq QR-kodli chekni ro’yxatdan o’tkazganligi haqida shikoyat kelib tushgan foydalanuvchilar shubhali xaridorlar reestriga kiritiladi.
Bundan tashqari, cheki boshqa fuqarolar tomonidan ro’yxatdan o’tkazilgan haqiqatda xaridni amalga oshirgan jismoniy shaxs belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Boshqalar ro’yxatdan o’tkazgan o’z cheki uchun keshbek olsa bo’ladimi?
Agar shikoyat qilish paytida keshbek to’lanmagan bo’lsa, chekning haqiqiy egasi soliq organlariga aynan o’sha xaridni amalga oshirganligi va QR-kodli chekni olganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsa unga tegishli keshbek hisoblanadi.
Agar ushbu faktlarni tasdiqlashning imkoni bo’lmasa, keshbek sud qarori asosida qaytariladi.