Qadoqlangan sharbatlar chindan tabiiymi?

 

Bozorda bir kilo Apelsin 20 000 – 40 000 so’m, ananas bir donasi 40 000 – 80 000 so’m bo’p turganda bir litr apelsin yo ananas sharbati 7 000 – 11 000 so’m bo’lishi shubhali emasmi? YO’Q, ShUBHALI EMAS.

O’zbekistonda ishlab chiqariluvchi qog’ozli aseptik qutilardagi barcha sharbatlar konsentratdan, ya’ni konsentrlangan sharbatdan tayyorlanishi ko’rsatiladi qadoqlarda. Konsentrlangan sharbat – bu meva sharbatining suvi bug’lantirilib, quyuqlashtirilgan holatidir. Xuddi shinni yo asal kabi holga kelguncha quyuqlashtiriladi. Mutlaqo TABIIY MAHSULOT.

Xo’p, o’zimizda chiquvchi apelsin va ananas kabi sharbatlar ham shunday tabiiymi? Standart bo’yicha shunday tabiiy. (Amalda qanday, buni bilmayman va isbotlash mening ishim ham emas). Asl jarayon quyidagicha:

• O’sha apelsin yo ananas yetishtiriluvchi tropik mamlakatlarda g’arq pishgan hosil davrida mevalar teriladi;

• o’sha tropik mamlakatning o’zidagi konserva zavodlarga olib boriladi;

• zavodda meva sharbati siqib olinib, suvi bug’lantirib tashlanadi;

• agar mevaning sharbatli qismi kam bo’lsa (o’rik, shaftoli, mango kabi), u holda konsentrlangan pyure tayyorlanadi;

• hosil bo’lgan konsentrat (qiyom) yoki pyure ko’pincha 200 litrlik maxsus konteynerlarga quyiladi va istalgan mamlakatga eksport qilinadi.

Bu jarayon transportirovka kabi eksport xarajatlarini arzonlashtirib beradi. Masalan, agar sharbatdagi suvning 80% qismi bug’lantirilgan bo’lsa, bitta 200 litrli konteynerdagi konsentratdan, yo’qotilgan suvni qayta qo’shish orqali 1000 litr to’laqonli sharbat («100% sok») tayyorlash mumkin. Konsentrat qancha kam qo’shilsa, bu miqdor yana ham oshadi. Shuningdek, sharbatlarga odatda achish va aynishning oldini olish uchun LIMON KISLOTASI (E-330) ham qo’shiladi

Mashhur «Ya», «Rich», «J7» brend sharbatlari ham shu yo’sinda tayyorlanadi. Bu sharbat kompaniyalari kerak bo’lsa 1 gramm ham meva sotib olishi shart emas.

Sanoat sohasida meva sharbatiga oid 3 xil ichimlik bor:

1. Sharbat – Sok/Juice (tarkibida meva sharbati 100% bo’lsagina «sharbat» yoki «sok» deyiladi)

2. Nektar (tarkibida sharbat miqdori 25% – 99% bo’ladi) (qolgani shakar, aromatizator, ba’zan rang)

3. Sharbatli ichimlik – Sokosoderjaщiy napitok / Juice Drink (tarkibida sharbat 25%dan kam bo’ladi) (qolgani shakar, aromatizator, rang)

Yurtimizdagi ba’zi qadoqlarda bu miqdor ko’rsatiladi ham, ko’rsatilmaydi ham. Menimcha, ko’rsatish bo’yicha qat’iy talab yo’q shekilli. Bu yomon. Iste’molchi sifatida aytaman. Mahsulot tarkida sharbatning nisbiy foizi qanchaligi yozib qo’yilishi shart.

Faqat biz bilishimiz qiyin bo’lgan bir jihat bor. Yurtimizdagi sharbat ishlab chiqaruvchi kompaniyalar qanchalik miqdorda konsentratdan foydalanishadi. Qadoqda ko’rsatilgan foizdagi miqdor mahsulot tarkibida chindan ham bormi? Bu endi ishlab chiqaruvchilar javob berishi kerak bo’lgan savollardir.

Bundan tashqari, olma, anor kabi mevalardan yangi siqilgan (konsentrat qo’shilmagan) sharbatlar ham o’zimizda ishlab chiqarilmoqda. Bu so’zsiz quvonarli holat.

Xullas, tepada standart bo’yicha ishlab chiqarish haqida yozdim. Bu standartga qanchalik amal qilish esa ishlab chiqaruvchining va nazorat tashkilotlarining vijdoniga havola.

Abdulaziz Saidalixonov