Fransiyada qonunchilik bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan Telegram asoschisi Pavel Durov Telegram messenjerida moderatsiyani yaxshilashga va’da berdi. Bu haqda u kecha, 6 sentyabr kuni Telegram-kanalida yozdi.
“Telegram foydalanuvchilarining 99,999 foizi jinoyatga aloqasi yo‘q, biroq 0,001 foiz noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangani uchun butun platformaga yomon imij yaratadi va deyarli milliard foydalanuvchimizning manfaatlarini xavf ostiga qo‘yadi”, deydi Durov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram’da endi “Yaqin atrofdagi odamlar”(People Nearby) funksiyasi bo‘lmaydi. Bunday qaror Telegram foydalanuvchilarining 0,1 foizdan kamrog‘i ushbu funksiyadan foydalangani, biroq ayni paytda botlar va firibgarlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelgani sababli qabul qilingan.
“Yaqin atrofdagi odamlar” funksiyasi yaqinroqdagi foydalanuvchilar va mahalliy guruhlarni qidirish imkonini bergan. Foydalanuvchilar u avgust oyi oxirida ishlamay qolgani haqida xabar qilgan.
“Yaqin atrofdagi odamlar” funksiyasi o‘rniga “Yaqin atrofdagi biznes” funksiyasi ishga tushiriladi, unda qonuniy, tasdiqlangan kompaniyalar ishtirok etadi.
“Ushbu kompaniyalar mahsulot kataloglarini namoyish qilishlari va to‘lovlarni muammosiz qabul qilishlari mumkin”, deydi Durov.
Shuningdek, Pavel Durov messenjer ma’muriyati Telegraph’ga yangi media-fayllarni yuklashni o‘chirib qo‘yganini, anonim shaxslar undan boshqa maqsadlarda foydalanayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada hibsga olinganiga birinchi bor munosabat bildirgandi.