Bugun pandemiyani global dunyo urushiga o’xshatishyapti. Faqat mamlakatlar dushman qo’shinlarining emas, balki ulardan ham dahshatli bo’lgan ko’rinmas virusning qaqshatqich hujumiga duchor bo’ldi. U hech kimni, shu jumladan, davlatlarning birinchi shaxslarini ham ayamayapti. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, shahzoda Charlz, Kanada hukumati rahbari Jastin Tryudoning turmush o’rtog’i allaqachon ushbu og’ir zarbani boshidan o’tkazishdi…
Agar vaziyat butkul qo’ldan chiqib ketadigan bo’lsa, mamlakatlar liderlari qaerga yashirinishadi? O’ta maxfiy bunkerlargami yoki yana boshqa joyga? Quyida ana shu savollarga ayrimlar misolida javob olishingiz mumkin.
Shimoliy Koreya: aylanma sayr
Etti yil oldin Janubiy koreyalik ijodkorlar tomonidan “Qor oralab” kinotasmasi yaratildi. Syujetga ko’ra, global halokatdan so’ng poezddagi bir guruh odamlar tirik qoladi. Ular butun dunyo bo’ylab aylanib yuraverishadi. Vagonlarda esa yopiq ekotizim yaratilgan.
Seullik yigitlar ijodiga mansub ushbu filmda aynan qo’shni Pxenyan nazarda tutilgan degan fikrlar yuradi. Nega deysizmi?
— KXDR yetakchisi Kim Chen Inning o’z zirhli poezdi bor. Balki ular bittadan ham ko’p bo’lishi mumkin, — deydi temir yo’llar sohasi tadqiqotchisi Sergey Sigachyov. — Bu g’ildiraklarda harakatlanadigan avtonom shaharchaga o’xshaydi: vagonlarda elektr stansiyasi, majlislar zali, omborxona-muzlatgich, oshxona, tikish va slesarlik ustaxonalari bor. Havo to’liq filtrdan o’tkazib boriladi. Unda hududlar hatto bakteriologik yoki kimyoviy zaharlangan paytda ham, uzoq vaqt qulay va shinam yashash mumkin.
Janob Kim agar biologik fojia ro’y bersa, aynan mazkur transport vositasida jon saqlashi mumkin. Unda nafaqat hayot kechirish, balki boshqaruv bilan shug’ullanish mumkin. Xohlasa, bugun harbiy zavodni tekshirish uchun boradi, ertaga chegaralar yaqinidagi muhofaza hududiga. Agar qaysidir hududda epidemiya boshlansa, shartta temir g’ildiraklarni g’ildiratib, tinch va osuda bo’lgan boshqa joyga ketib yuborish mumkin.
Si Szinpin: qo’riqxonadagi ob’yekt
— Buyuk Xitoy devori haqida barcha eshitgan, — deydi tarix fanlari doktori, XXR bo’yicha ekspert Sergey Buranok. — Buyuk yerosti devori haqida esa ko’pchilik bilmaydi. Bu hanuzgacha unchalik tanilmagan ob’yekt hisoblanadi. Sovuq urush paytida Pekin ostiga qurilgan tunnellar va boshpanalar tizimi shunday nomlanadi. So’nggi yillarda u yer o’zining asl vazifasidan ancha uzoqlashib, esdan ham chiqib ketgandi. Hatto bu yerosti inshooti o’zini himoyalash uchun yashirinadigan joy desa hamon buni tushunmaydiganlar bor. Balki shuning uchun ham 18 metr chuqurlikdagi mazkur joy ommaga oshkor etilib, turistlar uchun ochib yuborilgandir. 1960-1970 yillarda mamlakatning deyarli barcha provinsiyalarida yuzlab odamlarni qabul qila oladigan shu kabi bunkerlar qurildi. Ammo Si Szinpin uchun eng asosiy bunker Pekindan shimoli-g’arbda joylashgan Sishan milliy parkidagi tog’larda joylashgan.
Uning ichi retro uslubida jihozlangan: xitoycha lampa sharlar o’rnatilgan, Chin o’lkasi manzaralarining an’anaviy peyzajlari devorlarga osib qo’yilgan. Yer ostida uzoq vaqt bo’lish ruhiyatga ta’sir etishi mumkin, shuning uchun agar vaziyat imkon bersa, shaxsiy tarkib bunker ustidagi qo’riqxonada biroz sayr ham qilishi mumkin.
Boz ustiga xitoyliklar bu kabi inshootlar hamma narsadan najot emasligini yaxshi tushunishadi. Masalan, xitoylik fantast yozuvchi Lyu Sisiinyaning “Qora o’rmon” bestseller romanida qahramon o’z dushmanlaridan shu kabi yerosti ob’yektida yashirinib oladi. Biroq hammasi befoyda edi. Chunki dushmanlari grippga o’xshagan xavfli virusni yaratib, uning DNKsiga o’tkazishning uddasidan chiqishadi(hech narsani eslatmayaptimi?).
Buning uchun ichkariga kiradigan xodimlardan biriga virus yuqtiriladi. Nafas yo’llari orqali tashqari chiqqan infeksiya esa keyin o’zining qora ishini bajaradi. Shu payt asar qahramonini muzlatishib, kameraga solib qo’yishadi. U bir necha yuz yil bunkerda uyquda qolib ketadi. Uyg’onganda esa tibbiyot shu darajaga yetgan ediki, uni dahshatli virusdan davolay oladi. Bu albatta fantastika! Biroq gibernatsiya(insonni uzoq muddatli uyquga ketkazish) bo’yicha tadqiqotlar Xitoyda ham olib borilyapti.
AQSh: mog’or bosgan bunker
“Favqulodda vaziyatlar xonasi”(urush paytida qo’mondonlik bunkeri) 1960 yilda Oq uyning G’arbiy qanotida yaratilgan edi. Uning kodli nomi “Kennedining konferensiya zali”(uni qurgan prezident sharafiga shunday qo’yilgan va bu brifinglar uchun oddiy xonalardan farqlab olish uchun ham kerak)”, — deydi tarix fanlari nomzodi, amerikashunos olim Yaroslav Levin.
Mazkur ob’yektlar (to’g’rirog’i, uning ostki qismi) bilan bog’liq o’zgarishlar Barak Obama paytida amalga oshirilgan. 2010 yilda tinchlikparvar demokrat aynan shu kabi g’aroyib bunkerlar qurilishini boshladi. Amerikalik havaskor tarixchi Ronald Kesslerning aytishicha, maxfiy ob’yekt yerostiga qarab besh qavat qurilgan, unga Oq uyning butun apparati xodimlari, prezident va uning oilasi, hukumat vakillari to’liq sig’adi.
Uni barpo etishga qariyb 376 mln dollar sarflangan. Biroq Donald Tramp Oval kabinetga kelganicha, bunker deyarli yaroqsiz holatga kelib qolgandi. U yerni suvaraklar va kalamushlar, mog’or bosib ketdi.
Yopiq inshootdagi zamburug’lar esa u yerda namlik va havo aylantirish tizimi nazorati yomon ekanligidan dalolat beradi. Ya’ni bunkerning havo filtrlari orqali qotil virus kirib kelishi mumkin. Tabiiyki, Tramp Obamaning xo’jasizligini bilib g’azabga to’ldi.
Xo’sh, agar biologik falokat ssenariysi reallikka aylansa, Tramp qaerga evakuatsiya qilinadi? Bugun AQSh virusni yuqtirish, virusdan vafot etish ko’rsatkichlari bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda turibdi. Nyu-Yorkda bemorlar soni 258 mingdan oshib ketdi. Lekin Amerika Samoasida virusni yuqtirganlardan hech kim yo’q. AQShga tegishli bo’lgan ushbu hudud Tinch okeanida, dengiz yo’llaridan ancha olisda joylashgan. Aholisi bor-yo’g’i 50 ming kishi. Yana o’sha havaskor tarixchining aytishicha, aynan shu joy ehtimoliy biologik urush paytda AQSh prezidentlari evakuatsiya qilinadigan joy ekan. Orolni Amerika floti qo’riqlashga o’tadi, operativ shtab tuziladi. Shu asosda prezident mamlakat boshqaruvini davom ettiradi. Tropik jannatda yashash degani balki shudir.
Evropa rahbarlari qaerga ketadi?
GFR kansleri “virus halokati” o’tib ketishini mamlakat janubi, to’g’rirog’i, Alp tog’larida kutishi mumkin. Misol uchun, Garmish-Partenkirxen kurorti hududida. Aynan shu joyda Germaniyadagi eng uzun, qariyb 3 km balandlikdagi Sugshpitse cho’qqisi joylashgan. Uning yaqinida qulay mehmonxonalar joylashgan. Ularning istalganini havo hujumidan mudofaa mobil tizimlari bilan himoyaga olish va boshqaruv punktini tashkil etish mumkin.
Bu hudud sovuq va past havo bosimi tufayli ko’plab kasallik chaqiruvchi virus hamda bakteriyalar nofaol ekani bilan mashhur. Nemislar aynan shu jihatlarni uzoq umr ko’rishning asosiy iqlimiy omillari deb bilishadi.
Makronga esa Hind okeanidagi Kergelen arxipelagiga yashirinish tavsiya etilyapti.
Ma’lumki, hozirgacha ham Fransiyaning okeanda qator hududlari(kolonial mulklari) bor. Ulardan biri Hind okeanidagi Kergelen arxipelagidir. Aholisi bor-yo’g’i 70 kishi, unga eng yaqin bo’lgan quruqlik 2 ming kilometr uzoqda joylashgan. Pandemiya to’lqini esa unga yaqinlashmaydi ham.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson esa qirollik a’yonlari va o’zining sevimli mushugi bilan Kanadada yashirinishi mumkin. Favqulodda vaziyatlarda davlat va monarxiya vakillarini aynan shu davlatga evakuatsiya qilish belgilab qo’yilgan. Mazkur mamlakatning Kanadadagi qalin o’rmonzorli va xilvat joylarida maxfiy bazalari mavjud. 1940 yilda nemislar tomonidan Buyuk Britaniyani bosib olish tahdidi paydo bo’lganida, ana shunday ssenariy ishlab chiqilgan edi.
Rossiyada-chi? Faqat limuzinmi?
Biologik urush holatida Rossiyaning birinchi shaxslarini himoya qilish sir hisoblanadi Ammo ayrim ochiq manbalar bergan ma’lumotlar ham bor. Misol uchun, RF prezidentining “Aurus” limuzini nafaqat barcha turdagi yengil qurollar, balki biologik zararlanish xavfidan ham himoyalangan.
Bunday vaziyatda davlat rahbarini kimyoviy himoya qo’shinlari muhofaza qiladi. Ular birinchi razryad liboslari bilan ta’minlangan. Zamonaviy gazniqoblar orqali suyuq ovqatlarni iste’mol qilish mumkin. E’tiborlisi, bunday paytda uning germetikligi buzilmaydi. Kostyumni esa ikki kunlab yechmasdan kiyib yurish mumkin. Shu muddat davomida u to’liq kimyoviy himoyani ta’minlab turadi. Bu esa zararlangan hududdan xavfsiz joyga ko’chib o’tish uchun yetarlidir.
Davlat rahbarini joylashtirish mumkin bo’lgan hududlar ham talaygina. Rus Shimolidagi kam aholini Plesesk kosmodromi yoki Tivadagi odamlar ko’zidan narida bo’lgan davlat rahbarlari dam oladigan joy…
Mana, ayrim mamlakat yetakchilarining biologik urush yoki shu kabi favqulodda vaziyatlar ro’y beradigan bo’lsa, qanday xavfsiz joylarga olib borilishi haqida qisqacha xabardor bo’ldingiz.
Lekin bugun dunyo davlatlari rahbarlari qandaydir bunkerlarni emas, balki o’zaro hamjihatlikda, bamaslahat ish ko’rgan holda pandemiyani iloji boricha tezroq bartaraf etish ustida bosh qotirishayotgan bo’lsa ajab emas. Har holda, shunga ishongimiz keladi.
O’zA
loading…