Fransiya, Germaniya, Niderlandiya va AQShdan bo’lgan olimlar guruhi uxlayotgan odam bilan muloqotga kirib, ulardan qayta javob olishga ham muvaffaq bo’ldi. Bu boradagi tadqiqot natijalari Current Biology jurnalida chop etilgan.
Mutaxassislar ikki tomonlama aloqa jarayonini tezkor uyqu fazasida yuzaga keladigan va inson aslida uxlayotgan bo’lsa-da, ko’rayotgan va eshitayotganlarini his qilmaydigan holatda — ravshan tush vaqtida sinovdan o’tkazgan.
Olimlar anchadan buyon ravshan tush qanaqa sharoitda yuzaga kelishi bu kabi holatda inson o’zini qanday his qilishi bilan qiziqib keladi. O’tkazilgan to’rtta parallel tajribada tez-tez ravshan tush ko’radigan 36 kishining miyasidagi faollik kuzatilgan.
Tajriba vaqtida olimlar uxlayotgan odamga turli usulda ma’lumotlarni uzatib, u bilan muloqot o’rnatishga uringan: oddiy audiyozuvli savollardan tortib, yorug’lik yoki ko’ngillining tanasiga teginish orqali matnlarni uzatishgacha.
Kuzatuvlar va tajriba ishtirokchilarining ta’kidlashicha, ko’ngillilar savollarni eshitgan yoki ko’rgan va ularga ham uyqusida, ham real vaqtda javob berishga uringan. Tadqiqotning ayrim ishtirokchilari ko’z yoki yuz mushaklari yordamida qisqa savollarga javob berishni o’rganib olgan.
Olimlar bu kabi natijalarni turlicha usulda olib borilgan kuzatuvlar va har xil ishtirokchilarga qaramay, barcha tajriba guruhlarida qo’lga kiritgan. Tadqiqot mualliflarining hisoblashicha, ravshan tush vaqtida inson atrofdagi olam bilan aloqada bo’lishni davom etadi va bundan turli tadqiqotlarda foydalanish mumkin.
Korrespondent.net