18 yoshli nepallik Nima Rinji 9 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan 6:05 da sherigi Pasang Nurbu bilan 8,027 metr balandlikdagi Shisha-Pangma cho‘qqisini zabt etib, bunga erishgan eng yosh odam bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Shisha-Pangma 14 ta 8000 metrli cho‘qqilarning biri bo‘lib, ularning barchasi Xalqaro alpinizm va tog‘chilik federatsiyasi tomonidan dengiz sathidan 8,000 metr baland deb tan olingan. Nimaning yutug‘i Nepal Alpinizm assotsiatsiyasi tomonidan ham tasdiqlangan.
Ginnesning rekordlar kitobiga ko‘ra, bundan avval, 2019 yilda Mingma Gyabu 30 yoshida barcha 14 ta cho‘qqiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning veb-saytida yangi rekord tasdiqlanishi bir necha hafta davom etishi mumkinligi qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nima epik sayohatini 2022 yil sentyabr oyida Nepalning 8 163 metr balandlikdagi Manaslu tog‘iga chiqish bilan boshlagan. Keyingi ikki yil ichida u barcha 8000 metrli cho‘qqilarni, jumladan dunyoning eng baland cho‘qqisi Everest (8 848,86 metr) va juda xavfli hisoblangan K2 (8 611 metr) ni zabt etgan.
“Men jahon rekordini o‘z loyihamga bag‘ishlayman. Bu cho‘qqiga chiqish shaxsiy sayohatimning yakuni emas, balki sherpa xalqining an’anaviy chegaralarini ortda qoldirishga jasorat qilgan har bir sherpaga bag‘ishlangan hurmatdir. Alpinistlik bu faqatgina mehnat emas – bu bizning kuchimiz, chidamimiz va ishtiyoqimizning dalilidir," deb yozdi Nima Instagram’da.
Ma’lumot uchun, Nepalning etnik sherpalari asrlar davomida Himoloy tog‘larida yashab kelgan va uzoq vaqt mobaynida tog‘ yo‘llarini ko‘rsatuvchi yo‘lboshchilar va yuk tashuvchilar sifatida xizmat qilgan. Ularning bilimlari chet elliklarning mintaqadagi tog‘larga chiqishga urinishi uchun bebaho bo‘lgan.
Sherpalar odatda xalqaro tog‘ ekspeditsiyalarining muvaffaqiyatiga hissa qo‘shadi. Ular og‘ir uskunalar va ta’minotni tog‘larga tashib, xavfli sharoitlarda odamlarni baland cho‘qqilarga yetaklaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 1 iyun kuni O‘zbekiston fuqarosi Sergey Denisenko Yer sayyorasining eng baland nuqtasi — balandligi 8848 metr bo‘lgan Everest (Jamalungma) cho‘qqisini zabt etgan edi.