Mustaqil, odil sudlov deganda hali hamon ko’pchiligimizning xayolimizga sud ishlariga kimlarningdir aralashish-aralashmasligi yoki qaysidir bir idoralarning sud va sudyalar faoliyatiga ta’sir ko’rsatishi yo ko’rsatmasligi kabilar kelishi shubhasiz va ham bor gap.
Negaki, birinchidan, O’zbekiston Konstitutsiyasi, “Sudlar to’g’risida”gi qonuniga ko’ra, sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. O’zbekiston Respublikasida sud hokimiyati faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Hech qaysi boshqa organlar va shaxslar sud hokimiyati vakolatlarini o’zlashtirib olishga haqli emas, sudyalar mustaqildir, faqat qonunga bo’ysunadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo’l qo’yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo’ladi deb belgilab qo’yilgan. Ha, to’g’ri-da, umumiy va qonuniy asoslarda ham aslida shunday.
Ikkinchidan esa, hech kimga sir emaski, qator yillar davomida sudlar faoliyatiga aralashuvlar, u yoki bu tarzda odil sudlovga ta’sir etish holatlari mavjud edi, yaqin tarix bunga guvoh va bu o’z navbatida haqiqatdir.
Bugun esa, odil sudlovga ta’sir etish, sudlar faoliyatiga aralashish holatlariga chek qo’yildi. Bu borada xavotirga o’rin yo’q.
Statistik ma’lumotlarga ko’ra, 2017 yilda 263 ta, 2018 yilda 867 ta, 2019 yilda 859 ta, 2020 yilda 781 ta, 2021 yil 9 oyi davomida 743 ta shaxs oqlangani yoki 100 lab yurtdoshlarimizga ma’naviy zarar undirilib berilib, ish joyiga qayta tiklanganligi yo sudlar tomonidan joylarda hokimlarning 2 ming 852 qarori noqonuniy deb topilib, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangani, yo bo’lmasam birgina FIB Uchtepa tumanlararo sudi tomonidan aholining buzilgan mulk huquqi uchun o’tgan yilning o’zida 100 milliard so’mdan ortiq mablag’ undirib berilgani sudlarning mustaqil, xolis odil sudlov sari progressiv qadamlarini isbot etadi.
Shu bilan birga, chuqurroq tahlil etsangiz yoki masalaga qozon ichidan turib yondashadigan bo’lsak, mustaqil va barqaror odil sudlovni ta’minlashda, sud faoliyatiga aralashuv va sudyalar mustaqilligiga bevosita ta’sir etishdan boshqa yana bir qancha omillar ham mavjud, ushbu omillarni bartaraf etish uchun esa quyidagi taxminiy 7 ta masala haqida so’z yuritishga zarurat bor ekan-da degan fikrga kelasiz…
1. Sudyaga odil sudlovni ta’minlash uchun nima kerak?
To’g’ri, albatta qonun, qonun bo’lganda ham kamida adolatli yoki hech bo’lmaganda mukammalroq qonunlar kerak. Nega mukammalroq deb alohida qayd etmoqdaman, chunki dunyoda ideal yo mukammal, yo o’zgarmaydigan qonunning o’zi mavjud emas.
Shu ma’noda, roman-german huquq oilasi tizimida ekanmiz, odamlarga adolatni ta’minlaydigan, haqiqatni ro’yobga chiqaradigan va albatta nizoni hal etadigan qaror (hukm) kerak, bunday qaror chiqarish uchun kamida o’sha nizo yechimi ko’rsatilgan yoki adolatli hukm mezonlari mukammal ko’rsatilgan qonunlar darkor.
Bilaks, aslo jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlardan, nizo (kazius)lardan ortda qolayotgan, yechimi qonunosti hujjatda mavjud-u deydigan yaxlit qonunlar emas, balki aynan jamiyatdagi munosabatlardan hech bo’lmasa yarim qadam ilgari yuradigan, “ey bu yana qanday yangi ijtimoiy munosabat bo’ldi, bu munosabat bizning normalarda tartibga solinmagan-ku, tezda qonunosti hujjatlaridan yoki chuqur o’rganilmagan chet el tajribasidan olib, yamoq qilib, qonunni tuzatish haqida qonun loyiha kerak” qabilidagi qonunlarni nazarda tutmayapman, albatta.
Masalan, odamlar o’z uyi, o’z xususiy mulkida qurilish qilmoqchi bo’lsa, nega qishloq joylarida boshqacha tartib, shaharlarda boshqa tartib, aslida bu tartiblar to’g’ridan to’g’ri qonunga, kodeksda mujassam bo’lishi lozim. Aholi faqat va faqat ruxsatni qonundan olish, kamida 3-4 ta qaror, nizom va boshqa qonunosti hujjatlardan ruxsat izlamasligi maqsadga muvofiq emasmi yoki umum e’tirof etilgan xalqaro standartlarda boshqa tartiblar nazarda tutilganmi…
Demak, nomukammal qonunchilik tizimi yoki zamon bilan bab-baravar harakatlanmay oqsaydigan norma ijodkorligi, qonunosti hujjatlaridagi ustuvorlik, idoralarda qonunosti hujjati bilan ishlashga odil sudlovni amalga oshirishga yo sudyaning mustaqil va odil qaror qabul qilishiga ta’sir etuvchi omilga aylanib qolmasligi shart.
Negaki, “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasida belgilangan, “qonunosti hujjatlarida qonun hujjatlari darajasida tartibga solinishi lozim bo’lgan masalalar bo’yicha normalar belgilanishiga yo’l qo’yilmadi”, — degan qonun normasiga har doim ham e’tibor qaratilmayotir yoki ushbu norma tizimli ravishda e’tibortalabligicha qolib ketmoqda.
2. Sud qarorlarining ijrosi – sud qarorlarining o’z vaqtida ijro etilmayotgani bevosita, odil sudlovga uning qabul qilgan hujjatlariga nisbatan aholi o’rtasida hurmatni tushirib, pirovardida odil sudlovga bo’lgan, sudlar mustaqilligiga bo’lgan ishonchni susaytiradi, sudlar mustaqilligini mustahkamlashga zimdan zarba beradi.
Amaldagi misollarga e’tibor bersak, birgina FIB Toshkent shahar sudlarida bir haftada, u yoki bu sabab, asos va qonunosti hujjatlardagi normalar vaj qilib keltirilgan holda 1 000 dan ortiq sud ijro hujjatlari sudlarga qaytarilmoqda.
Aytish mumkinki, sud hujjatlarini so’zsiz, muhokamasiz ijro etish tizimini, ya’ni xalqaro standartlar asosida “sud hujjati to’g’ridan to’g’ri ijroga” degan tizimni yaratishga zarurat sezilmoqda.
3. Aholining ayrim qatlamida sudlarga huquqiy maslahat beradigan yoki ularning da’vosini sud shakllantirib beradigan organ sifatida qaralmoqda.
Masalan: Sudga o’z da’vosi bilan borgan shaxsni sudya qabul qilishi va unga da’voni qanday shakllantirish, yozma murojaatlarni tuzish, hujjatlarni tayyorlash va yana o’sha sudyaning o’zi uning nizosini ko’rib chiqishi lozimligi, go’yo oddiy holat kabi, shu toifa aholi ongida sudning majburiyati sifatida qaralayotganidir.
Ya’ni ushbu omilni huquqiy savodxonlikning, saviyaning, huquqiy madaniyatning ildamlab keta bilmayotgani, huquqiy himoya hamda huquqiy ko’mak institutlarining zamonga mos taraqqiy eta olmayotgani, huquqiy xizmat ko’rsatish sohasida oqsoqliklar ko’zga tashlanayotgani bilan izohlash mumkin.
Shu yo’sin, aholi orasida sud maslahat bermaganidan, sudya uni sud majlisidan avval shaxsiy qabulda qabul qilmaganidan, ularga lozim darajada e’tibor qaratmaganidan norozilik sifatida, munosabat bildirish, turli instansiyalarga shikoyat qilish orqali sudyalarga, odil sudlovga ta’sir etish holatlari ortib bormoqda.
Natija esa, xohlaysizmi-yo’qmi, biz yillar davomida o’rganib qolganimiz va o’sha qobiqdan chiqib keta olmayotganimiz — noxolis bo’lsa ham berilgan 3 shikoyat, 1 xolis shikoyat degan xulosaga kelinishiga omil bo’lmoqda.
Vaholanki, bunday xulosa va bosh og’riq hamisha ortiqchadir. Hech bir sud esa bunday boshog’riqni xohlamaydi. Oqibat esa ushbu holatlar kutganingizdek, sudlar mustaqilligi va odil sudlov xolisligining yemirilib borishi sari yetaklab boradi.
4. Sudlar axborotini eshitish amaliyoti. Albatta, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, sud ham davlat hokimiyatining bir tarmog’i ekani asosida Oliy vakillik organiga hisobdor bo’lishi lozim. Chunki sud tizimi butun boshli yaxlit bir tizim bo’lib, davlatning sud hokimiyatini tashkil etadi.
Lekin joylarda sudlarning xalq deputatlari tegishli kengashlarida axborot taqdim etib borishi, albatta sudlar mustaqilligiga va xolisligiga ta’sir etmay qolmaydi. Afsuski, joylarda ushbu amaliyot axborot emas, balki hisobot tusiga kirib ulgurdi.
Aytaylik, qaysi bir sud o’zi taqdim etayotgan axborotni tegishli kengash sessiyalarida tasdiqlanmasligini xohlaydi…
Yoki axboroti eshitilayotgan sudga hokim da’vo kiritishi mumkinligini istisno etishning imkoni mavjud emas, albatta joylardagi hokimliklar shu hududlardagi sudlarga murojaat etishadi. Yo o’sha sud tegishli XDK rahbari bo’lgan hokim qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyatni ko’rib chiqadi…
Ayting-chi, bunday holatda manfaatlar to’qnashuvi yuzaga kelishi mumkinmi?.. Yashang. Bu aksioma.
5. Sudlar faoliyatiga daxldor murojaatlarning nazoratga olinishi amaliyoti ham odil sudlovga bilvosita ta’sir etuvchi vazmingina omildir.
Ushbu amaliyot shuni ko’rsatmoqdaki, nazoratga olingan bunday murojaatlar yuzasidan berilayotgan javoblar protsessual qonunchilik doirasidadir. Demak, nazoratga oluvchiga protsessual qonunchilik tushuntirilib, ma’lumot tariqasida javob yo’llanadi.
Ya’ni nazorat amaliyotining nafdorligi juda past. Aksincha, oqibat esa bunday murojaatlar yuzasidan ma’lumotnomalar tayyorlashga sud tomonidan ortiqcha vaqt sarflanadi xolos.
Shuning uchun ham «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasida, Ushbu Qonunning amal qilishi ko’rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonunchilik va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan murojaatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi deb belgilab qo’yilgan.
Demakki, xolis odil sudlov uchun qonunning ushbu normasi qat’iy va so’zsiz ijro etilishi lozim bo’ladi.
6. Sudyalar ish yuki. Masalan, sudyalarning o’rtacha yuklamasida bir oyda 20 ish kuni bo’lsa, har kun kamida 8-10 tadan sud majlisi o’tkazishi, qaror qabul qilishi va har bir ushbu nizolar yuzasidan yuritilayotgan fuqarolik ishi yuzasidan kamida 5 ta hujjat chiqarishi, bir oyda kamida 30 dan ortiq boshqa toifa arizalarni ko’rib chiqishi, asosliligiga qarab, qarorlardan kam bo’lmagan sud buyrug’i qabul qilishi yoki sud buyrug’i berish so’ralgan arizalarni qaytarish haqida ajrimlar qabul qilishi, bundan tashqari kamida vaqtni har kun bir soat elektron tizimga sud hujjatlarini yuritishga, yana bir soatni murojaatchilarga tushuntirish berishga va “sud hujjatlarini yozishga noma’lum vaqt” sarflashi kerak bo’ladi.
Ushbu ma’lumot sudlarning aholi hududlaridagi joylashuviga qarab o’zgaradi albatta, ushbu tahlildan ko’p yoki kam ham bo’lishi mumkin.
Men aytmoqchi emasman masalan u davlatda shuncha aholiga buncha sudya to’g’ri keladi deb, aytmoqchi bo’lganim, nizolarni sudgacha hal etish tizimini takomillashtirish, shu asosda sudga kelayotgan nizolarni kamaytirish, sud elektron tizimida, har bir yuki mavjud bo’lgan sudda doimiy faoliyat yuritadigan AT mutaxassislari shtatlarini joriy etish mumkin.
Bir so’z bilan aytganda, sudyalar yuklamasi o’z-o’zidan sud majlislari, sud hujjatlari sifatiga ta’sir etadi, bundan aholi rozi bo’lmaydi, demak, mustaqil odil sudlov biz xohlagandek, mukammal yo’lga qo’yilavermaydi.
7. Sudya kadrlar, ilm, tajriba, sudyalar zaxirasini shakllantirishda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi, sudyalarning ilmiy, huquqiy, siyosiy ilmlarni egallashiga, ularning nizolar doirasida hayotiy masalalarni ko’rib chiqish, hal etish amaliyotini mukammal shakllantirishga yetarli imkoniyat yaratib berishning xalqaro standartlarga javob beradigan tizimini shakllantirish dolzarbligicha qolmoqda.
Sudyalar tomonidan strategik qaror qabul qilish amaliyoti, hayotiy tajriba, malakali ilm, sohaviy chuqurlashgan bilim va tizimli amaliyotni lozim darajada yo’lga qo’yish o’rniga kadrlarning biografiyasini o’rganishga sarflanayotgan katta e’tibor maqsadga muvofiq emas. Chunki kadr shaxsiga qarab emas, u beradigan natijaga qarab tanlanadigan tizim ilg’or davlatlarda allaqachon yo’lga qo’yilgan.
Anglab turganingizdek, sudyalar zaxirasini shakllantirish, qayta tayyorlash tizimi, albatta magistr darajasini berishga ixtisoslashishi shart emas, lekin sud amaliyotidagi muammolarni monitoring qiladigan, mukammal tahlil etadigan, ilmiy va asosli yechimlarni taklif qiladigan va tayyorlanayotgan sudyalikka nomzodlarda munosib ko’nikmalarni shakllantiradigan ilmiy va albatta amaliy sud sohasining miyasi kabi ilm maskaniga aylanmog’i davr talabi.
Aytish lozimki, o’sha hamma bilgan gap, “malakali kadrlar ko’p narsani hal etadi”.
Shuningdek, sudlar faoliyatida urg’u asosan eskidan qolgan protsessual qonunchilik tomon og’ib bormoqda, moddiy huquq normalarini qo’llash amaliyoti esa, eski kasallik kabi oqsoqlanib qolgandek ko’rinadi. Bu esa, albatta odil sudlovga ishonch ortishiga to’sqinlik qilayotgan omil sifatida namoyon bo’lib bormoqda.
Sudyalarning targ’ibot tadbirlari va hokazolar… Sudyalar odob-axloq kodeksida belgilab qo’yilgani kabi, sudyaning odil sudlovni ta’minlash, sud ishlarini hal etishda vaqtni to’g’ri va samarali taqsimlash hamda sudyalarning bu boradagi izlanish, o’z ustida ishlash, o’qib-o’rganish kabi faoliyatiga ta’sir ko’rsatmasligi lozim.
Aytaylik, kuchli sudyalar ham ba’zida maqola yoza olmasligi yoki OAVda boshqa bir chiqish qila olmasligi, targ’ibotlarda faol ishtirok eta olmasligi mumkin… Chunki, u bu borada jurnalist yoki filolog, yo professional soha xodimi emas.
Shuningdek, sudlar va sudyalarning faoliyati bo’yicha haqiqiy holat OAV, Internet ijtimoiy tarmoqlarda, blogerlarning shaxsiy munosabatlari o’rtasidagi tafovutlar, bu borada jamoatchilik bilan ehtiyotkorona munosabatda bo’lish, jurnalistlar va blogerlar munosabatiga nisbatan qat’iy pozitsiyada turib, lozim darajada o’z vaqtida munosabat bildirish, qolip munosabatlar, odil sudlov, umuman sud-huquq sohasidagi islohotlarga noxolis yondashuvlarning kelib chiqishiga omil bo’lmoqda.
Demak, amalda ochiq, odil va xolis sudlov haqida jamoatchilikning axborot talabida nomutanosiblik yoki buning oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda sudlar faoliyatiga oid shaxsiy va noxolis pozitsiyalar bildirilish holatlari kelib chiqmoqda.
Yuqorida aytib o’tilgan omillar va ularning yechimiga qaratilgan masalalar shaxsiy fikrlar bo’lib, o’ylaymanki, faqat va faqat to’la mustaqil odil sudlovni og’ishmay ta’minlab borish uchungina xizmat qiladi.
Yana bir gap, hech kimning fikri mukammal bo’lmaydi, albatta jamiyatda qarashlar fikr-mulohazalar o’zgarib boraveradi. Asosiysi, bildirilayotgan taklif va fikr-mulohazalardan boshqacha bir munosabatlarni shakllantirmaslik, har birimizning qaysidir bir sohani rivojlantirish orqali yurt taraqqiyotiga beg’araz va xolis xizmatimizdan boshqa deb qaralmasligi maqsadga muvofiq.
Nuriddin Murodov,
FIB Uchtepa tumanlararo sudi rais o’rinbosari