Modalar olamining afsonalaridan biri – Karl Lagerfeld kuni kecha vafot etganligi to’g’risida xabar bergan edik. «Chanel» modalar uyining ko’zga ko’ringan rahbarining moliyaviy holati ancha-muncha millionerlar havas qiladigan darajada ekanligi ham ko’pchilikka yaxshi ma’lum edi.
Bugun esa marhum kutyure bilan bog’liq qiziq ma’lumot paydo bo’ldi. Gap shundaki, uning uyida yashagan Shupett ismli mushukcha Karl Lagerfeldning merosxo’rlaridan biriga aylandi. Moviy ko’zli birman zotiga mansub bu jonivor maestroning hashamatli xonadonida tasodifan paydo bo’lgan edi va umrining so’nggiga qadar uning yonida bo’ldi.
«Choupette» fransuz tilida “Karamcha” degan ma’noni bildiradi. Fransiyada bu so’z beozor bolalarni erkalab chaqirishda ham ishlatiladi. Ana shu Karamcha kutyurening so’nggi paytlardagi yaqin “hamsuhbati”ga aylangandi.
Ayni damda Shupett Lagerfeld (Karamcha endi ijtimoiy tarmoqlarda ana shunday ism-sharif bilan tilga olinmoqda) Twitter, Instagram, Facebookda maxsus sahifasiga hamda bankda o’z nomiga rasmiylashtirilgan hisob raqamga ega.
Shupett maestro Karl Lagerfeld bilan birgalikda «Opel Corsa» avtomashinasi hamda «Shu Uemura» kosmetika vositasi reklama roligida suratga tushgan edi. Karl Lagerfeld o’limi oldidan ushbu kompaniyalar tomonidan to’lab berilgan 3 million dollar bilan birga umumiy merosdan ulush ajratgan holda sevimli mushukchasining kelajakdagi hayoti ham shohona davom etishini ta’minlashni unutmabdi.