Fir’avn Amenxotep I ning mumiyosi hozirga qadar, zamonaviy tadqiqotchilar tomonidan, dafn kafanisiz o’rganilmagan sanoqli Misr hukmdorlaridan birining jasadi bo’lib qolmoqda. Mumiyo 1881 yilda Luksordagi Deyr-al-Baxari sag’anasidan topilgan va uning deyarli «ideal» holatda saqlangan zig’ir choyshablari yechilmagan. Hozirda Amenxotep I ning mumiyosi Qohiradagi Misr muzeyida saqlanmoqda, deb xabar beradi Meduza.
Mahalliy olimlar fir’avn qanday ko’rinishda bo’lganini tasavvur qilish, o’limi sababi va vafoti vaqtida sog’lig’i qanday bo’lganini aniqlash maqsadida uning qoldiqlarini kompyuter tomografiyasi yordamida tadqiq etishga qaror qilgan. Shunday qilib ular dafn vaqtidagi bintlar ostini ko’rishga va shu orqali birinchi bor mumiyoning ko’rinishini yaratishga muvaffaq bo’lgan. Tadqiqot natijalari Frontiers in Medicine jurnalida e’lon qilingan.
Olimlarning aniqlashicha, Amenxotep I vafot etgan vaqtida 35 yoshda bo’lgan, bo’yi esa 168,5 santimetrni tashkil etgan. Fir’avn ingichka iyakli ovalsimon yuz va kichkina burunga ega bo’lgan. Saqlanib qolgan ayrim o’ramlarga ko’ra, uning sochlari jingalak bo’lgan, chap quloq solinchagida teshik bor. Tadqiqotchilar fir’avnning tishlari to’liq saqlanib qolganini qayd etgan.
Shuningdek, o’ralgan choyshab ostidan munchoqlar bilan bezatilgan metall, taxminlarga ko’ra, oltin kamar, 30 ta tumor va taqinchoq topilgan.
Tadqiqot mualliflari uning o’limi sababini aniqlay olmagan. Biroq ular o’limdan keyingi jarohatlar va rekonstruksiya izlarini qayd etgan. Taxminlarga ko’ra, XXI sulolaning fivalik kohinlari dastlabki sag’ana talon-toroj qilinganidan keyin, Amenxotep I ning mumiyosini qayta tiklagan va dafn etgan.