Braziliyadagi Ciro Flamarion Kardoso arxeologiya muzeyi olimlari guruhi taxminan 9,6 ming yil avval yashagan odamning yuz ko’rinishini tikladi. Ammo “Live Science” ma’lumotlariga ko’ra, ushbu voqelikdan so’ng ham arxeologlar uning jinsi haqida bahslashmoqda.
Ta’kidlab o’tish mumkin, 1997 yilda Braziliya shimoli-sharqidagi Serra da Kapivara milliy bog’ida Mezolit davri oxirlarida yashagan odam skeleti topilgan. Ma’lumotlarga ko’ra u homilador holatda dafn etilgan. Bosh suyagining kattaligi va shakliga ko’ra, qoldiqlar ayol ekanligi aniqlandi va unga “Zuzu” nomi berildi.
Yuzni qayta tiklash uchun tadqiqotchilar Zuzuning bosh suyagi o’nlab fotosuratlarini olishdi. So’ngra ularning 57 tasi fotogrammetriya yordamida ulangan. Shunday qilib, ular qadimgi odam boshining ikkita virtual 3D modelini yaratishdi. Tasvirlarga ko’ra, bu ayol kishi ekanligiga shubha yo’q edi. Biroq ba’zi olimlar hali ham uning erkak kishiga tegishli ekanini ta’kidlashmoqda.
Qayd etilishicha, bu “Zuzu” yuzining taxminiy tasviri. Aniq ko’rinishni tiklash uchun ko’plab ma’lumotlar, shu jumladan terining rangi haqida ma’lumot yetarli emas.
Mezolit bu o’rta tosh davri bo’lib, paleolit va neolit oralig’idagi davr hisoblanadi. Bu davrda ovda va qorovul sifatida foydalanish uchun itlar qo’lga o’rgatilgan.
Mezolit ijtimoiy omillarning rivojlanishidagi taraqqiyot bilan ajralib turadi: umumiy xulq-atvor normalari va qoidalari, taqiqlar hamda ko’rsatmalar mafkuraviy jihatdan mustahkamlangan.
Birinchi “turar-joy tepaliklari” (maydoni taxminan 2-4 gektar, ba’zan 10 gektarga yaqin) paydo bo’lishi, xususan, mezolit davriga tegishli.