Bu haqda «Daryo» sayti Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasiga tayanib xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda yagona formani nafaqat bozordan sotib olish, balki ota-onalar o’zi xohlagan tikuvchiga belgilangan tartibdagidek tiktirishi mumkin.
“Davlat umumta’lim maktablarida ta’lim olayotgan temir daftar, ayollar va yoshlar daftariga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandi tekinga maktab formasi bilan ta’minlanadi. Hozirda ro’yxatlar shakllantirilyapti, yangi o’quv yili boshlangunga qadar maktab formasi bilan ta’minlash ishlari amalga oshiriladi”, — deydi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi mas’ul xodimi.
Qayd etilishicha, shu kungacha 100 dan ortiq maktab formasi nusxalari tavsiya etilgan, ularning ichidan saralangach, mana shu formalarda to’xtaldi.
Eslatib o’tamiz, hukumat qarori(271-son, 19.05.2022 y.) bilan 2022/2023 o’quv yilidan davlat maktablarida o’quvchilar uchun maktab formasi to’liq joriy etiladi (ilgari 2024/2025 o’quv yilidan boshlab joriy etilishi kerak edi).
Kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun maktab formasi mahalliy byudjet hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg’armalari mablag’lari hisobidan sotib olinishida ko’maklashiladi.