Sobiq sovetlar dohiysi Vladimir Ilich Lenin vafotidan so’ng bevasi Nadejda Krupskaya markaziy qo’mita a’zolariga maktublar bilan murojaat etib, iloji boricha tezroq marhumni qabrga qo’yishlarini so’ragan. Ammo uning iltimoslariga hech kim e’tibor ham bergan emas. Kunlar o’tib borardi. Leninning jasadi esa hanuz dafn etilmagan. Odamlar sobiq ittifoqning turli shaharlaridan Moskvaga kelib marhum dohiyning jasadini ziyorat qila boshladi.
Lenin olamdan o’tgach, bir necha hafta havo sovuq bo’lgani sababli jasad chirish pallasiga kirib ulgurmagandi. Bundan tashqari, mutaxassislar jasadni qisqa muddatga yetadigan darajada balzamlab qo’yishgandi. Biroq oradan bir necha hafta o’tgach, baribir jasad chirish pallasiga kira boshladi. Leninning peshonasida qora dog’lar paydo bo’ldi.
Stalin mutaxassislarning yangi g’oyalarini tinglashga tushdi. Ular orasida bolsheviklar partiyasining nomdor vakili Leonid Krasin jasadni ikki qavatli oynadan iborat sarkofagga solib muzlatib qo’yishni taklif qildi. Bu g’oya Stalinga ham yoqib tushgandi. Ish boshlandi. Ammo bu harakatlar hali yarmiga yetmay, ishni to’xtatish haqida buyruq berildi. Fan olamida hech kim deyarli tanimaydigan Boris Zbarskiy ismli ximik Stalinni o’z g’oyasi bilan qiziqtirib qo’yibdi.
Aslida Zbarskiy Krasinni yaxshi tanirdi. Biroq jasadni ikki qavatli oyna ortiga yotqizib muzlatish ham ish bermasligini aytdi. Ta’kidladiki, har qanday quvvatga ega sovuqda ham baribir jasad chirishdan mosuvo bo’lmaydi. Shu masalada o’zining yangi g’oyasini markaziy qo’mitadagilarga ma’lum qildi. Maxsus komissiya bu g’oyani o’rganib chiqib, rasman ruxsat berdi. Lekin Zbarskiyga sherik zarur edi.
U Xarkov universiteti anatomi Vladimir Vorobyovni sherik sifatida tanladi. Dastlab Vorobyov bu qaltis ishda ishtirok etishni xohlamadi. Ammo markaziy qo’mitadagilar Moskvaga chaqirishgach, rozilik bildirishga majbur bo’ldi.
Ish boshlandi. Biroq Zbarskiy o’ylaganidek oson kechmadi. Jasad o’rganib chiqilganda, baribir chirish pallasiga kirgani ma’lum bo’ldi. Peshonasida qora dog’lar paydo bo’ldi, ko’z kosasi oqib tushdi. Shunda Zbarskiy Leninning jasadini yorib, ichki a’zolarni olib tashlashni, tomirlarni yaxshilab yuvib, quritib, keyin ichiga spirt quyish lozimligini aytdi. Shunda jasadning faqat ustki qismigina qolishi lozim edi.
Garchi markaziy qo’mitadagilar shubhaga borgan bo’lishsa-da, Dzerjinskiy izn berdi.
Jasad formalinga to’yintirilib, peshonadagi qora dog’lar vodorod periksi bilan yo’q qilindi. Keyin esa jasad to’rt oy davomida glitserin hamda kaliy atsetatiga to’yintirildi.
Qisqa qilib aytganda, bu jarayon juda yoqimsiz edi. Hatto, Zbarskiyning o’zi ham ish yarmiga yetib-etmay, chetga chiqishga urinib ko’rdi. Ammo sherik sifatida tanlangan Vorobyov yo’l qo’ymadi. Baqir-chaqirlar yordamida bo’lsa-da, Zbarskiyni ortga qaytara oldi.
Nihoyat ish yakunlanib, Zbarskiy Dzerjinskiyga shu haqda ma’lum qildi. Mavzoleyga kirib jasadga ko’zi tushgan markaziy qo’mita a’zolari bu ishga qoniqarli baho berdi.
Olimlar arzirli mukofotlarga tavsiya etildi. Ular uchun sobiq sovetlar ittifoqidagi barcha ilmiy tekshirish institutlari eshigi ochib qo’yildi.
Vorobyov zudlik bilan Xarkovga qaytdi. Zbarskiy esa so’nggi nafasigacha Leninning mavzoleydagi mo’miyolangan jasadini nazoratda ushladi.
Afsuski, bugungi kunda ham mavzoleyda saqlanayotgan Leninning jasadidan atigi 20 foizigina qolgan. Qolgan qismlari restavratsiya mahsuli hisoblanadi. Bugun ham hech kim Leninni qabrga dafn etishga shoshilmayapti. Bu haqdagi munozaralar ham allaqachon to’xtatib qo’yilgan.
Turkey-sea. ru