image0

11 nafar yapon olimlari chorva mollariga zebra shaklidagi chiziqlar chizish ularga qo‘nadigan hasharotlar sonini sezilarli darajada kamaytirishini ko‘rsatgan tajribasi uchun biologiya yo‘nalishi bo‘yicha Shnobel mukofotini qo‘lga kiritishdi. Bu haqda “Kyodo” agentligi xabar berdi. 

2019 yilda nashr etilgan yapon tadqiqotiga ko‘ra, sigirlarga oq-qora chiziqli tasvir tushirish chaquvchi pashshalar hujumi bilan bog‘liq iqtisodiy yo‘qotishlarni kamaytirishga yordam berishi mumkin. Zararkunandalarga qarshi kurash sigirlarning o‘tlash va dam olish vaqtiga salbiy ta’sir qiladi, shuningdek, ularni jarohat olish xavfiga duchor qiladi. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bu holat AQSH chorvachiligiga yiliga 2,2 milliard dollar miqdorida zarar keltiradi. Yapon sigirlariga suvda eruvchan bo‘yoqlar bilan chiziqlar tushirilganda tadqiqotchilar hasharotlar soni 50 foizga kamayganini kuzatgan. Manbalarda qayd etilishicha, chiziqlar bilan ishlov berish pestitsidlarga muqobil bo‘lishi mumkin.

Kecha, 18 sentyabr kuni AQSHning Boston shahridagi Garvard universitetida Shnobel mukofotini topshirishning 35-marosimi o‘tkazildi. Marosim tashkilotchilari sigirlarni bo‘yash to‘g‘risidagi mazkur tadqiqot ilmiy asosni kengaytirganini ta’kidladi. 
“Kyodo” agentligiga ko‘ra, 19 yildan beri har yili kamida bir yapon fuqarosi “Annals of Improbable Research” nomli ilmiy-yumoristik jurnal tomonidan tanlangan laureatlar orasiga kirmoqda. Jurnal 1991 yildan beri nufuzli Nobel mukofotining parodiyasi sifatida Shnobel mukofotini topshirib keladi.

Shnobel mukofoti (“Ig Nobel Prize”) – kulgili va kutilmagan tadqiqotlar uchun beriladigan mukofot. Bu gal ham fizika, biologiya, pediatriya, aviatsiya, oziq-ovqat, psixologiya, adabiyot, muhandislik dizayni, kimyo kabi yo‘nalishlardagi olim va tadqiqotchilar taqdirlandi.

Ayrim laureatlar va ularning yutuqlari:

  • Adabiyot: amerikalik olim Uilyam Bin – 35 yil davomida tirnoq o‘sishini tahlil qilgani uchun. Mukofot marhum olimning o‘rniga uning o‘g‘li Bennetga topshirildi.
  • Kimyo: Rotem va Daniel Naftalovich hamda Frenk Grinuey – “teflon diyetasi” bo‘yicha tadqiqoti uchun. Unda polietiltraftoretilen oziq-ovqatga qo‘shilib, hajm oshiruvchi, ammo kaloriyasiz to‘ydiruvchi modda sifatida o‘rganilgan.
  • Tinchlik yo‘nalishi: Frits Renner, Inge Kersbergen, Mett Fild va Jessika Vertmann – alkogolning chet tilidagi nutq ravonligiga ijobiy ta’siri haqidagi tadqiqoti uchun.
  • Biologiya: yapon olimlari – sigirlarni zebra qilib bo‘yash va natijada ularga pashshalar bezovta qilmasligini isbotlagan tajribasi uchun.
  • Fizika: Jakovo Bartaluchchi, Daniel Buziello, Matteo Chiarchi, Alberto Kartitselli, Ivan Di Terlitssi, Fabritsio Olmeda, David Revignas, Vinsenso Shimmenti – “Cacio e pepe” соуси­niнг “fazaviy holati harakati”ni ilmiy jihatdan asoslab bergani uchun.