Jannat ahlining sifatlari

“Ular (taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladiganlar, g’azablarini yutadiganlar, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi. Ular biror fahsh ish qilib qo’ysalar yoki o’zlariga zulm qilib qo’ysalar, (darhol) Allohni yodlab, istig’for aytadilar. – Gunohlarni faqat Alloh mag’firat etadi! – Ular bila turib, qilmishlarida davom etmaydilar. Ana o’shalarning mukofotlari – Parvardigor mag’firati va ostidan anhorlar oqib turuvchi jannat bog’laridir, unda abadiy bo’lurlar. (Solih) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!” (Oli Imron, 134–136).

Ushbu oyatlarda jannat ahlining bir qator sifatlari bayon etilgan.

“Ular (taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladiganlar, g’azablarini yutadiganlar, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir”. Ya’ni, mo’minlar zarar yetsa ham, xursandchilik kelsa ham, qiyinchilik va kenglikda ham yashirin va oshkora xayr-sadaqa qiladilar. Hech narsa ularni Alloh taolo buyurgan o’rinlarda mollarini sarflashdan, qarindoshlari va va barcha jonzotlarga yaxshilik qilishdan to’sa olmaydi.

Unday insonlar jahllari chiqsa o’zlarini bosishadi, ya’ni achchiq ustida biror ish qilib qo’yishmaydi, yomonlik qilgan kishini kechirishadi. Alloh taolo aytadi: “Ey Odam o’g’li, g’azablangan paytingda Meni eslasang, Men ham g’azablanganimda seni eslayman va halok qilganlarim orasida seni ham yo’q qilib yubormayman” (Ibn Abu Hotim rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)  aytadilar: «Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam) so’radilar: “Qaysi biri­ngiz vorisining molini o’z molidan ko’ra yaxshi ko’radi?” Sahobalar: “Yo, Rasululloh, hammamiz vorisimizning molidan ko’ra o’z molimizni yaxshi ko’ramiz”, deb javob berishdi. Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam) bunday marhamat qildilar: “Bilib qo’ying, sizlarning hammangiz vorisining molini o’z molidan ko’ra yaxshi ko’radi. Faqat o’zingizdan oldin yuborganingiz (Allohning yo’lida sarflaganingiz) sizning molingizdir, qoldirganingiz vorisning moli”. So’ng yana so’radilar: “Sizningcha kuchli, pahlavon kim?” Biz: “Odamlar yengolmagan kishi”, dedik. “Yo’q. – dedilar u zot, – G’azablanganida o’zini bosa olgan kishi haqiqiy pahlavondir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Yana bir hadisda bunday deyiladi: Nabiy (sollalohu alayhi va sallam) aytadilar: “Kim g’azabini yuzaga chiqarishga qodir bo’lsa-yu, lekin uni ichiga yutsa, Alloh taolo uning qalbini xotirjamlik va imon bilan to’ldiradi” (Suyutiy “Durrul mansur”).

Kechirimlilik ham ulug’ sifatlardan hisoblanadi, kechirimli insonlar haqida Nabiy (sollalohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: «Qiyomat-qoim bo’lganida nido qiluvchi bunday nido qiladi: “Insonlarni kechiruvchi kishilar qani?! Rabbingiz huzuriga keling va ajringizni oling. Har bir musulmon, agar insonlarni kechira olsa, jannatga kirishga loyiq bo’ladi”» (Hokim rivoyati).

“Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi”. Ular bu ishlari bilan ehson darajasiga ko’tariladilar. Muhsin bandalarni Alloh taolo yaxshi ko’radi. Shu ma’noda bir hadis bor. Payg’ambar (sollalohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Uch narsa bor, ular bilan qasam ichaman: sadaqa bilan mol kamaymaydi; banda kechirsa, Alloh uning obro’sini ko’taradi; kim Alloh taolo roziligi uchun kamtarlik qilsa, Alloh uning sha’nini ulug’ qiladi”.

“Ular biror fahsh ish qilib qo’ysalar yoki o’zlariga zulm qilib qo’ysalar, (darhol) Allohni yodlab, istig’for aytadilar”.

Abu Bakrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollalohu alayhi va sallam) aytadilar: “Laa ilaha il­lalloh” kalimasini va istig’for (ya’ni, “astag’firulloh”)­ni ko’p ayting. Chunki shayton aytadi: “Men insonlarni gunohlari bilan halok qilmoqchi bo’ldim, ular meni “Laa ilaha illalloh” va istig’for bilan halok qildilar, shundan so’ng ularni havoyi nafs­lari bilan halok qildim, ular o’zlarini to’g’ri yo’ldamiz deb o’ylaydilar”(Imom Termiziy). Demak, inson o’z nafsining barcha xohishlarini qondiraverishi bilan shaytonning tuzog’iga tushib qolishi, lekin buni o’zi ham sezmasligi mumkin. Shu sababli bu holatdan juda ehtiyot bo’lish kerak.

Nabiy (sollalohu alayhi va sallam) deydilar: “Allohga qasam, men Allohga bir kunda yetmish martadan ortiq istig’for aytaman va tavba qilaman” (Abu Ya’lo rivoyati). Bunda bizlar uchun katta ibrat bor. Nabiy (sollalohu alayhi va sallam) bizdek gunohkor bandalarga ibrat tarzida istig’for va tavbani ko’p aytishlarini ta’kidladilar. Oysha onamizdan (roziyallohu anho) bunday rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollalohu alayhi va sallam) vafotlaridan oldin “Subhanallohi va bihamdihi” (Alloh nuqsonlardan pokdir, Unga hamd aytaman), “Astag’firulloha va atubu ilayhi” (Allohdan mag’firat qilishini so’rayman va unga tavba qilaman) kalimalarini juda ko’p takrorlagan ekanlar.

“Gunohlarni faqat Alloh mag’firat etadi…” Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Bir odam gunoh qilib so’ngra “Parvardigorim, men gunoh qilib qo’ydim, O’zing kechir”, desa, Alloh taolo: “Bandam gunoh qildi, lekin uni kechiruvchi va gunohlari bois jazolovchi Parvardigori borligini bildi. Shuning uchun uning gunohidan o’tdim”, deya marhamat qiladi…” (Imom Ahmad).

“…ular bila turib, qilmishlarida davom etmaydilar. Oyatda, shuningdek, gunoh ish qilganidan so’ng unga qaytmaslik ham ta’kidlanmoqda. Chunki bir ishning gunoh ekanini bila turib, yana qilish uning gunohini kattalashtirib yuboradi. Nabiy (sollalohu alayhi va sallam) aytadilar: “Rahm qilinglar, shunda sizga ham rahm qilinadi, kechirimli bo’ling, siz ham kechirilasiz, qo’pol so’zli kishiga vayl bo’lsin, bilib turib, gunoh qilaveradiganlarga vayl bo’lsin” (Imom Ahmad rivoyati).

“Ana o’shalarning mukofotlari – Parvardigor mag’firati va ostidan anhorlar oqib turuvchi jannat bog’laridir, unda abadiy bo’lurlar. (Solih) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!” Buni bilgan har bir mo’min ana shu ulug’ martaba va mukofotga intiladi. Buning uchun esa, maqtalgan sifatlarni o’zida mujassam etishga harakat qiladi. Axir to’rt-besh kunlik umrini ilohiy rizolikka erishgan holda o’tkazib, abadiy rohat-farog’atga erishishni har qaysi aqlli odam xohlashi tabiiy, shunday emasmi?

Abu Mansur Moturidiyning

“Ta’vilot ahl as-sunna”,

Ibn Kasirning “Tafsirul Qur’anil aziym”,

Olusiyning “Ruhul ma’aani

fi tafsiril Qur’anil aziym

vas sab’ul masaniy” tafsirlari asosida

Badriddin SADRIDDIN o’g’li

tayyorladi.