Jahon banki O'zbekistonga 100 mln. dollar qarz beradi

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi shaharlarda «O’rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» loyihasi doirasida munitsipal xizmatlari hamda infratuzilmani yaxshilash uchun Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan 100 million dollar ajratish tasdiqlandi. Bu haqda Jahon bankining O’zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmatiga tayanib, UzNews xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu pullar O’zbekistonga juda past foizda va 30 yilgacha bo’lgan muddatga imtiyozli kredit shaklida berilmoqda.

Qayd etilishicha, loyihada ishtirok etadigan shaharlarning yakuniy ro’yxati viloyat va shahar hokimliklari bilan maslahatlashuvlar tugaganidan so’ng, 6 oy ichida tasdiqlanishi rejalashtirilgan.

Loyihada suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish va kengaytirish, elektr infratuzilmasi va ko’chalarni yoritish, avtomobil yo’llari, piyodalar va jamoat transporti zonalarini modernizatsiya qilish, jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish, jamoat joylarini, bog’larni, ko’chalarni va ularning tegishli infratuzilmasini rekonstruksiya qilish, tegishli aholi punktlari hududida madaniy meros ob’yektlarini saqlab qolish bo’yicha restavratsiya ishlari olib boriladi.

Taxminan 4 million odam yoki har ikkala viloyatdagi umumiy aholining taxminan 70 foizi uchun takomillashtirilgan shahar infratuzilmasi va munitsipal xizmatlar, shuningdek, yangi ish o’rinlari yaratadigan loyiha tadbirlari natijasida ishga joylashish imkoniyatlarining kengayishi to’g’ridan-to’g’ri yoki bilvosita foyda keltirishi kutilmoqda.

«Ko’pgina mamlakatlar urbanizatsiya jarayonidan taraqqiyot drayveri sifatida samarali foydalangan. Buni Xitoy, Janubiy Koreya va Tailand misollarida ko’rish mumkin. O’zbekiston shahar infratuzilmasi va munitsipal xizmat ko’rsatish sohasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishi hamda jamoat joylarini modernizatsiya qilishi kerak. Ushbu chora-tadbirlar shaharlarni yashash uchun yanada jozibador va iqtisodiy jihatdan samarali bo’lishiga yordam beradi», — deya ta’kidlaydi Jahon bankining O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.