Istanbul ta’rifu tavsifining cheki yo’q… Nega shunday? Mening nazarimda, buning javobi juda jo’n, bu shaharga Payg’ambarimiz (sav)ning nazarlari tushgan. Hadislarda keltirilishicha, Allohning elchisi: “Bir kun albattaki Konstantinopol fath etilajak. Uni fath etgan qo’mondon eng go’zal askardir, uni fath etgan o’rdu esa eng go’zal lashkardir”, so’zlari butun musulmon olamiga da’vat kabi yangragan.
Usmonli davlatidan oldin ne-ne qo’mondonlar Konstantinopol yo’lini tutishmagan, turk sultonlarining butun fikru xayoli bu shaharda bo’lgan. Bu ishni amalga oshirish 22 yoshli Mehmet sultonga nasib etadi.
Ilohiyotchilarning rivoyatlarga asoslanib anglatishlaricha, Istanbulda mingdan ortiq sahobaning qabri bo’lishi kerak. “Tokli dede” degan qabristonda o’z paytida nihoyatda ko’p sahobiylar dafn etilgani aytiladi. Ammo aniqlangani — 29 ta qabr yoki maqom.
Konstantinopol tomon ilk yurish hijriy 48 (milodiy 668) yilga to’g’ri keladi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, ilk qo’mondonlar Sufiyon bin Avf al-Ezdiy va Fadale bin Ubayd al-Ansoriy bo’lishgan, ular boshchiligidagi islom armiyasida 63 sahobiy qatnashgan.
Shaharga kirish uchun bo’lgan janglarda ancha talafotlar ko’ra boshlagan bu armiyaga 669 yilning bahorida hazrati Muaviyning o’g’li Yazid boshchiligidagi askarlar yordamga kelishadi. Xristianlarning qo’li baland ekanini sezgan musulmonlar sovuq kunlar yaqinlashguncha Shomga qaytishadi.
Abu Umeyye al-Ezdi rahbarligidagi sahobiylarning Konstantinopolga navbatdagi yurishi besh yildan keyin, ya’ni 673-674 yillarda boshlanib, 7 yil davom etadi. Ham quruqlikdan, ham dengizdan olib borilgan murosasiz janglar natija bermaydi.
Sahobiylarning so’nggi uchinchi yurishi 715-717 yillarda amalga oshiriladi, unga Mesleme bin Abdulmelik bosh bo’ladi.
Shu o’rinda Istanbulda qabrlari bo’lgan ayrim sahobalarning tarixi to’g’risida ma’lumotlar berib o’tishni lozim topdim.
Yuqoridagi salb yurishlarning birida ishtirok etgan Abu Sheybe al-Xudri shahid bo’ladi. Payg’ambarimiz (sav)ning sut qardoshi bo’lgan bu askar Konstantinopolga kelganda 89 yoshda bo’lgan. U kishining qabri Istanbulning vizantiyaliklar qurgan shahar qal’a devorlari biqinida bo’lgan. Bu ma’lumot islom armiyasining shaharni ishg’ol qilishga bir bahiya qolganidan dalolat beradi, degan taxminlar bor.
Istanbulda yerto’lada joylashgan yagona masjid bor, nomi ham “Yerga botgan”. Uning qachon bunyod etilgani to’g’risida aniq ma’lumotlar yo’q. Ammo tarixchi Avliyo Chelabiyning bildirishicha, u hijriy 92 (milodiy 711) yilda Abdulaziz o’g’li Umar tomonidan qurilgan.
Masjid boshqalaridan ajralib turadi, u 54 dona yirik ustunda turadi. Shu sababdan bir qarashda minbar ko’rinmaydi. Uning ikki kirish-chiqish eshigi bor. Ichiga yorug’lik faqat dengiz tarafidan tushadi.
Jome’ ichida ikki sahoba qabri bor. Bu yerda yana bir qabr bo’lib, bu zotning sahoba bo’lib-bo’lmagani to’g’risida ma’lumotlar saqlanmagan.
Rivoyatlarga ko’ra, Galata ko’prigi yaqinida vafot etgan sahobalar shu yerning o’zida ko’miladi. Dushmanlarning ko’zidan yashirish maqsadida uning ustiga shoshilinch masjid kabi bir bino quriladi. Salkam o’n to’rt asrdan beri bu binoning deyarli ohori buzilmagan.
Zamonamiz ulamolari sahoba mufassir Abu Dardoga ko’p murojaat etadilar, uning so’zlaridan iqtiboslar keltiradilar.
Bu sahobaning asl ismi Uvemidir, u kishi ham madinalik bo’lib, Payg’ambarimiz (sav)ning Qur’on, fiqh va hadis ilmlari bilimdoni bo’lgan ashoblardandir. Istanbulga hech kelmagan, deyishadi-yu, ammo shaharda u kishining qabri bor. Ulamolarning aytishicha, bu yer Abu Dardoning maqomlari, asl qabri Shomda.
Turkiyada Ayyub Sultonni bilmagan yoki eshitmagan kishi bo’lmasligi aniq. Sulton Ahmad va Sulaymon nomidagi masjidlar qatorida xalq tomonidan sevib ziyorat va ibodat etiladigan muqaddas joylardan biri.
Xalq ichida Ayyub Sulton, deb ataladigan zot Abu Ayyub al-Ansariy Xolit bin Zeyddir. Asli madinalik bo’lgan Ayyub Sulton ilk musulmonlardan bo’lgan. Kelib chiqishi ham otasi, ham onasi tarafidan Payg’ambarimiz (s.a.v.)ga borib taqaladi. Nabiy (s.a.v.) Madinaga hijrat etganlarida, to u muhtaram zotga uy qurib bitgunicha, Ayyub Ansoriyning xonadonlarida 70 kun yashab qoladilar. Bu xizmatlari evaziga “Nabiyning mehmondori” degan unvonga sazovor bo’ladi. Rasuli Akram (s.a.v.) o’z uylariga ko’chib o’tganlaridan keyin ham Ayyubning xonadonini ziyorat qilishni kanda qilmaganliklari aytiladi.
Alloh elchisi Madinaga kelganlaridan e’tiboran, Ayyub hazratlari u zotning yonidan hecham ayrilmadi, ular bilan barcha janglarda qatnashadi, ba’zan tansoqchilik vazifasini o’tagani aytiladi. Bu haqda 200 dan ziyod hadisi shariflarda keltiriladi.
Bundan tashqari, Payg’ambarimiz (s.a.v.) zamonida Qur’oni karim oyatlarini tartibga keltirishda ishtirok etganligi zikr etiladi. Xalq orasida o’z ilmi va odob-axloqi bilan hurmat-e’tibor qozongan kishi edi.
Ayyub Ansoriy Abu Bakir, Hazrati Umar va Hazrati Ali zamonlarida ham islom rivojiga ko’p hissa qo’shgan sahobiylardandir.
Hijriy 49-52 yillar orasida 90 yoshlar atrofida vafot etgani keltiriladi.
Konstantinopol fathidan keyin sulton ustozi Oq Shamshiddin bilan ko’p suhbatlar quradi, saboqlar oladi. Ana shunday uchrashuvlarning birida Mehmet podshoh Ayyub Sultonning Konstantinopolni fath etishga kelib, jangda halok bo’lganini qadim kitoblarda o’qiganini ustoziga aytib, u jasur sahobaning mozorini topishni iltimos qiladi.
Oq Shamsiddin ham anchadan beri dilidagini aytolmay ichida saqlab yurgan Ayyub Ansoriy to’g’risidagi fikrini amalga oshirishga zudlik bilan kirishadi. Bir kuni sulton yoniga kelib:
“Huv anavi tepalik etagida bir nur ko’ryapman. O’sha yer qazilsa, bir oq marmar chiqadi. Ayyub Sulton o’sha yerda bo’lishi kerak”, deydi.
Sultonning amri bilan xizmatkorlar ishga kirishadi. Darhaqiqat, ustoz aytganidek bo’lib chiqadi, u yerdan lotin yozuvida: “Bu yer Holit bin Zeydning mozoridir” degan lavha chiqadi.
1453 yilning 20 aprelida qazish ishlari yakunlanishi arafasida, sulton jasadga o’z qo’llari bilan tegmoqchi ekanligini aytadi. Jasad mutlaqo chirimagan holda topiladi. Podshoh Ayyub Ansoriyning oyoqlarini silay boshlaganda, jasad harakatga kelib, oyoqlarini undan tortib oladi.
Mehmet sulton xafa bo’lib, mozorni vaqtincha yoptirib, saroyga qaytadi. Tushida Ayyub Ansoriyni ko’radi va undan nega oyog’ini ushlatmagani sababini so’raydi.
— Sen Payg’ambarimiz (s.a.v.) vasiyat qilgan buyuk sarkardasan, sen Konstantinopolni fath etding. Men esa bu vasiyatni amalga oshirolmagan oddiy sahobiyman, xolos, — deydi.
Uyqudan mamnun holda uyg’ongan sulton takror qabr boshiga borib, zarur ishlanmalarni davom ettiradi va kechiktirmasdan maqbara qurdirishga farmon beradi. Oradan besh yil o’tgach — 1478 yilda esa uning yonida masjid bunyod ettiradi.
Oq Shamsiddinning anglatishicha, Ansoriy vafot etganida konstantinopollik xristian rohibining tushiga Payg’ambarimiz (s.a.v.) kiradi. Undan islomni qabul qilishni so’raydilar. Ayyubning vafoti to’g’risida xabar berib, uning dushmanlar qo’lida g’arib bo’lib qolmasligi uchun qabr ichiga bir yozuv yozishni istaydilar.
Rohib yarim kechasi aytilgan joyga boradi va qabrdan nur taralib turganini ko’radi. U yerga bir belgi qo’yib, saharlab musulmonlikni qabul etadi va takror mozor boshiga borib, qabrni ochib, yuqorida keltirilgan yozuv-lavhani uning ichiga ko’mib qo’yadi.
Oq Shamsiddinning karomatlari to’g’risida ham ikki og’iz gap. Buyuk din ulamosi bo’lgan bu zotni bir kun zamondoshlari mehmonga taklif etadi. O’rtaga katta tovoqda ovqat keltiriladi. Uni ko’rgach, “Bu taom bizga emas, uni qanday yemoqchisizlar”, deyishi bilan eshik taqillaydi. Bir gado bolalarim bilan ochman, qornimizni to’ydirishga bir nimalar beringlar”, deb yolvoradi.
Shunda Oq Shamsiddin: “ovqatning haqiqiy egasi keldi, uni darrov olib chiqib beringlar”, deydi.
Oq Shamsiddin Ayyub Ansoriy qabrini yakka holda topib, ustiga belgi uchun tosh qo’yib ketadi. Ertasiga sulton bilan birga bu manzilga kelsa, toshning joyi o’zgarganini ko’radi. Ustoz bu ishga e’tibor bermay, to’g’ri qabr yoniga boradi.
Belgi — toshning joyini Mehmet sulton o’zgartirib qo’ygan bo’ladi. Shundan keyin podshoh yana bir marta ustoziga ta’zim etib, Ayyub Ansoriyning qabri o’sha ekaniga bo’lgan shubhasi tamoman tarqab ketadi!
Karomat — avliyolardan, mo»jiza — Payg’ambarlardan degani shu bo’ladi…
Istanbulda yana bir qadimgi “Arab masjidi” bor. U shahar qal’asidan biroz narida. Konstantinopolda ilk azon tovushi chiqqan makon, deyishadi. Uning qurilishi to’g’risida ikki xil rivoyat bor.
Birinchisiga ko’ra, masjid 717 yilda (hijriy 95 yil) Istanbul fathi uchun kelgan sahobalardan bo’lgan qo’mondon Mesleme bin Abdulmalik tomonidan bunyod etilgan. 7 yil bu shaharda qolgan arab musulmonlari armiyasi ibodatlarini bu yerda qilganlar, deyiladi. Arablardan keyin bu makondan xristianlar cherkov sifatida foydalanishadi. 1453 yilda esa takror masjidga aylantiriladi.
Ikkinchi rivoyatga ko’ra, 1200 yillar boshida katoliklar Quddusga keta turib, favqulodda Konstantinopolni qo’lga olish rejasini ishlab chiqadilar. Cherkov va monastr qurdirganliklari aytiladi. 1475 yilda Fotih sulton cherkovni masjidga aylantirgan, degan taxminlar bor.
Darhaqiqat, masjidga tashqaridan bir qarashda uning musulmonlarga oid bir makon, deb bo’lmaydi. Devorlari qizil-kul rang g’ishtdan ishlangan. Minorasi ham bugungilaridan ancha farq qiladi. Minoraning asosi ham qizil-kul rang g’ishtdan to’g’ri to’rt burchak shaklida ko’tarilib, uning ustiga qal’asifat minora mindirilgan.
Ichidagi mehrob va minbar marmardan ishlangan. Masjidni 22 yog’och ustun ko’tarib turadi.
Masjid hovlisida esa Mesleme bin Abdulmalikning qabri bor.
Abror G’ulomovning “Istanbul daftari” kitobidan olindi
UzA.uz
loading…