O’ziga xos sayohat tajribalarini taklif etuvchi yetakchi global yo’nalish bo’lgan Istanbul, ayni paytda bolalar uchun ham munosib shahardir. Istanbulning turli muzeylari bolalarning madaniyat, san’at, texnologiya va tarix haqidagi tushunchalarini kengaytirib, butun oila uchun qiziqarli lahzalarni yaratadi. Istanbuldagi bolalar muzeylari ham 23 aprel “Turkiyaning Milliy suvereniteti va bolalar bayrami”ga tayyorgarlik ko’rmoqda.
Samolyotlar, avtomobillar va boshqalar: Rahmi M. Koch muzeyi
1994 yilda ochilgan Rahmi M. Koch muzeyi Istanbuldagi noyob muzeylar sirasiga kiradi. Oltin shox sohilidagi Hasko’yda joylashgan muzey Turkiyaning transport, sanoat va aloqa tarixiga bag’ishlangan yagona yirik muzeyidir. Muzey klassik avtomobillar, birinchi tramvaylar, qayiqlar, antiqa samolyotlar, paroxodlar va penni-fartings (ilk velosiped turlari) aks ettirilgan eksponatlar bilan o’tmishga unutilmas sayohatni va’da qiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar ilmiy ixtirolar va asboblarga bag’ishlangan bo’limlarda o’z ufqlarini kengaytirishlari mumkin. Muzey kolleksiyasida Mustafo Kamol Otaturkning shaxsiy buyumlari ham bor. Rahmi M. Koch muzeyida muntazam ravishda bolalar uchun turli tadbirlar va mahorat darslari tashkil etiladi. Shuningdek, ularning ota-onalari muzey yaqinidagi dengiz bo’yida joylashgan kafe va restoranlardan bahramand bo’lishlari mumkin.
Bolalikka sayohat: O’yinchoqlar muzeyi
Onado’li yoqasining eng mashhur tumani Kadiko’yda, tarixiy saroyda joylashgan Istanbul O’yinchoqlar muzeyi rang-barang o’yinchoqlar dunyosiga har qanday yoshdagi ziyoratchilarni kutib oladi. Shoir va yozuvchi Sunay Akin tomonidan yigirma yil davomida 40 dan ortiq mamlakatlardagi antiqa do’konlar va auksionlardan to’plangan o’yinchoqlar to’plamiga ega bo’lgan O’yinchoqlar muzeyi ota-onalar va bolalar birgalikda vaqt o’tkazishlari uchun ajoyib manzildir. Muzey eksponatlari 1700 yillardan hozirgi kungacha bo’lgan o’yinchoqlar tarixining eng mashhur namunalarini o’z ichiga oladi. Bu ota-onalar va bolalarga dunyo tarixini qiziqarli va esda qolarli tarzda o’rganish imkoniyatini beradi. Shu o’rinda, Istanbuldagi ushbu o’yinchoqlar muzeyi butun dunyo bo’ylab “Bolalar va o’yinchoq muzeylari ittifoqi”ning tashkil etilishiga asos solgan bo’lib, Istanbulga “o’yinchoq muzeylari poytaxti” unvonini berilishiga sababchi bo’ldi.
Vaqtni «muzlatgan» muzey: Miniaturk
Bolalar tomonidan sevilgan yana bir muzey esa Onado’lida tarix davomida hukmronlik qilgan sivilizatsiyalarning me’moriy merosini birlashtirgan Miniatyurk muzeyidir. 2003 yilda «Katta mamlakatning kichik modeli» shiori bilan tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola etilgan Miniaturk, Turkiyaning eng muhim asarlarining 1/25 o’lchamli maketlari namoyish etilgan noyob muzeyidir. Karvonsaroylardan majmualargacha, masjidlardan to cherkov va sinagogalar, qadimiy binolaru saroylargacha bo’lgan 137 ta me’moriy asarlarning miniatura maketlari Turkiyaning san’at va me’morchiligini namoyish etadi. Miniaturkga tashrif – bu turk tarixiga g’oyibona sayohatdir!
Xayollar olami: Illyuziya muzeyi
Aslini olganda, bolalarni sehr va illyuziya hamisha diqqatini tortgan. Optik illyuziyalar, gologrammalar, illyuzion tunnellar va tashrif buyuruvchini teskari ko’rinishga olib keladigan, barcha yoshdagi mehmonlarga qiziqarli tajribalarni taqdim etadigan mohirona tarzda ishlab chiqilgan xonalar… Istanbul illuziyalar muzeyi bolalarga interaktiv va qiziqarli sayohatni taklif qilsa, ko’rgazmalar o’zining idrok qilish hiylalari bilan bolalarning tasavvurlarini rivojlantirishga ham hissa qo’shadi. Muzeyda farzandingiz bilan ajoyib vaqt o’tkazing va ko’plab fotosuratlarni tarixga muhrlang!