Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonim Mehribon Aliyeva O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston xalqi nomidan tuhfasi sifatida Fuzuli shahrida qurilayotgan 960 o’rinli maktab binosidagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Ozarbayjon prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
O’tgan yili boshlangan qurilish ishlarini joriy yilning dekabr oyida yakunlash rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Ikki qavatli maktab binosi uch gektar maydonda qurilmoqda. Maktabda 40 ta o’quv xonasi, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funsional o’quv xonasi, majlislar zali, sport zali, oshxona, kutubxona mavjud bo’ladi.
Maktab hududida futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o’tkazish joylari, yugurish yo’laklari, nazorat-o’tkazish punkti, qozonxona, transformator podstansiyasi barpo etiladi.