Bugun IELTS, TOEFL, GMAT kabi xalqaro imtihonlarda o’zini sinab ko’rishni xohlaydiganlar ko’p. Lekin ungacha ancha-muncha jarayonni bosib o’tish kerak: ya’ni o’qish, izlanish, mehnat qilish. Masalan, xorijiy tilni puxta o’rganishga alohida vaqt ajratib, internetdagi bepul til o’rgatuvchi kanallardan foydalanish yoki mablag’ topib, yaxshi repetitorlarga qatnash deganlaridek…
Yurtimizda bilimga chanqoq yoshlar uchun talay imkoniyatlar yaratilgan. Faqat yoshlarimiz bu sharoitlardan vaqtida xabardor bo’lib, o’rnida foydalanib qolishlari kerak.
Xalqaro imtihon tizimlari bo’yicha yuqori ball (daraja) to’plaganlarga imtihon topshirish xarajatlarining to’liq qoplab berilishi esa ana shunday zo’r imkoniyatlardan biri.
Bunga IELTSdan tortib ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, turk, koreys, yapon, xitoy, arab, rus tillarida o’tkaziladigan jami 18 ta imtihon turlari kiritilgan ekan.
Imtihonda yuqori ball olgan odamga sarflangan pulning qaytarilishi mukofotdek gap, shunday emasmi? Arizaning my.gov.uz portali orqali onlayn topshirilishi katta qulaylik!
Aytgancha, bu imkoniyat faqat 31 yoshgacha bo’lganlarga taalluqli. Balki, mana shu masalani qayta o’ylab ko’rib, yosh chegarasini biroz uzaytirgan ma’qulmi?.. Chunki o’rta yoshlilar orasida ham IELTS kabi imtihonlarga qiziqish bildirayotganlar ko’p. Ular bilim olishga sarmoyani oilasi, ro’zg’or, farzandlar xarajatidan tejab kiritganlari bois kompensatsiyadan ko’proq manfaatdor bo’lishlari aniq.