2008 yilning sentyabr oyida Gulnora Karimovaga tegishli bo’lgani aytiladigan Zeromax kompaniyasi Hongkongning eng jozibali va qimmat hududi bo’lmish Kovlun markazida joylashgan The Arch majmuasidagi hashamatli penthausni 36,6 million dollarga sotib olgan.
Oradan 3 oy o’tgach, ushbu ko’chmas mulk Britaniya Virjiniya orollarida ro’yxatdan o’tgan, Karimovaning jinoiy sherigi Rustam Madumarovga aloqador ko’rilgan Rudolph Alliance kompaniyasiga katta chegirma bilan qayta sotilgan.
Bu haqda Hongkong yer reestri hujjatlariga tayangan holda xabar tarqatgan Kanadaning The Globe and Mail nashriga ko’ra, 2016 yilda Gulnora Karimova va Rustam Madumarovlar qamoqda bo’lishiga qaramay, penthaus 68,4 million dollarga, 285 foizlik foyda bilan yana sotib yuborilgan.
Irlandiyaning Olster universiteti professori, kriminolog Kristian Lasslet mazkur sotuvni “mutlaqo aql bovar qilmaydigan” va “kleptokratiyaning odil suddan qochib qutulishi bilan bog’liq dunyodagi eng mashhur keys” deb ta’riflagan.
- Kleptokratiya – davlat hokimiyatidan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanilishiga asoslangan siyosiy tuzum.
Ma’lumot uchun, O’zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova O’zbekistondagi iqtisodiy jinoyatlari uchun 2015–2020 yillarda uch marta sudlangan. 2020 yil martida unga 13 yil-u 4 oy qamoq jazosi tayinlangan. Qonunchilikka muvofiq, jazo muddati 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblangan.
2020 yil mayida O’zbekiston hukumati Fransiyadagi qiymati 10 million dollarga baholangan, Karimovaga aloqador aktivlarni qaytarib olgandi. 2020 yilning iyun oyida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo’l bilan orttirilgan 1,3 milliard dollardan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo’yicha Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlar davom etayotgani to’g’risida xabar berilgandi.
2020 sentyabrda esa Shveysariya hukumati 2012 yilda Gulnora Karimovaga tegishli bo’lgan hisobraqamlardagi mablag’lardan 131 million dollarga teng aktivlarni O’zbekistonga qaytarishga rozilik bergandi.
2022 yil fevraliga kelibgina Shveysariya va O’zbekiston muzokaralarida siljish bo’ldi: tomonlar qaytarilgan mablag’larning O’zbekiston xalqi farovonligi uchun ishlatilishini nazorat qilib borish maqsadida BMT shafeligida xalqaro trast fondi tuzishga kelishdi.