Hindiston—Nepal chegarasining Bihar shtatidagi hududidan noqonuniy tarzda o’tayotganda o’zbekistonlik ayollar qo’lga olingani to’g’risida xabar berilgandi. O’zbekistonning Dehlidagi elchixonasiga ko’ra, 14 iyul kuni ushbu fuqarolar diplomatiya missiyasi ko’magida vatanga qaytarilgan.
Ushbu ayollar 2021 yil oktyabrda Hindiston—Nepal chegarasining Bihar shtatidagi hududdan noqonuniy tarzda o’tayotganda qo’lga olingan. Arariya shahridagi birinchi instansiya sudi 2022 yil avgustida O’zbekiston fuqarolarini mamlakat hududidan chiqarib yuborish (deportatsiya qilish) to’g’risida chiqargan qaroriga qaramasdan turli byurokratik to’siqlar va yurisdiksiyaning murakkabligi sababli ular 14 iyulgacha ushlab turilgandi.
Qayd etilishicha, o’zbekistonliklarni vatanga qaytarish jarayonida elchixona tomonidan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va Bihar shtatining tegishli idoralari bilan mazkur holat yuzasidan rasmiy muloqotlar o’tkazilgan, vaziyat nazoratga olingan va ularga tegishli konsullik-huquqiy yordami ko’rsatilgan.
Diplomatik missiya O’zbekiston fuqarolarini Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg’on va’dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo’lib turish chog’ida mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.
Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda, zarur konsullik-huquqiy yordami ko’rsatilishi uchun zudlik bilan +91 11 2467 0774/75 telefon raqami yoki @consuluzbindia_bot orqali murojaat qilishni tavsiya qiladi.