G'aroyib hodisalar izidan: «QORA SOYaLAR…»

***

Nikolay Avdeev degan yigit bir voqeani aytib bergandi. U ilgari Afg’onistonda xizmat qilgan ekan. Qaytib kelgach, bilibdiki, sevgan qizi uni kutmay boshqaga turmushga chiqqan. Alamiga chidolmagan yigit yana urush o’choqlariga o’zini urdi. Bu gal u Chechenistonda jang qilish uchun jo’natilgandi. Ana o’sha yerda uni qandaydir ko’rinmas qora soyalar dushman o’qidan himoya qilib o’limdan qutqarib qolishibdi…

Avdeevning otryadi to’satdan qurshovga tushib qoldi. Yigitlar toshdan qurila boshlangan-u, bitmay qolgan imorat ortida yashiringancha, tobora o’rab kelayotgan dushman askarlariga zarba berishardi. Dushman esa, kuchli. Borgan sari yaqinlashib kelyapti. Avdeevning yigitlari oxirgi patronlari qolguncha qarshilik ko’rsatishdi. Chunki ular bilishardi. Asir tushib turli dahshatli qiynoqlarni boshdan kechirgandan ko’ra, qahramonlarcha jang maydonida jon bergan ma’qul. Avdeevning o’zi ham fursat borida hayot bilan vidolashib oldi. Ammo… Kutilmaganda dushman askarlari ularga emas, duch kelgan tarafga qarata o’q uza boshlashdi. Avdeev asta ko’cha tomonga ko’z tashladi. Dushmandan bo’lak hech kim yo’q. Ular kimga o’q otishyapti. Shu payt birin-ketin bosqinchi guruh a’zolari yiqila boshlashdi. Ana o’shanda Avdeev ko’rdiki, qop-qora soyalar butun uy atrofi bo’ylab harakatlangancha dushmanni tinchitishmoqda. Xo’sh, bu soyalar nima o’zi?.. Avdeev yaxshilab razm soldi. Soyalar shunchaki emasdi. Uzun bo’yli odam kelbat, tepada askarlar kiyadigan shapka. Faqat… Soya ko’rinishida xolos… Basharasi xuddi bo’rilarnikiga o’xshab ham ketadi…

Oradan ikki soatlar o’tib dushman askarlarining barchasi o’ldirib yuborildi. Ko’pchiligining kallasi uzib tashlangan, ba’zilari g’ajib tashlangan holda cho’zilib yotardi. Soyalar esa, izsiz g’oyib bo’lgandi…

Avdeev yigitlarga ham bu haqda hech kimga gullab qo’ymaslikni maslahat berdi. Sababi, ularning gapiga hech kim ishonmasdi.

***

Parapsixolog Vladimir Zaruskiy bu voqeadan xabar topgach, aytdiki, Nikolay Avdeev haqiqatan harbiylarning arvohlarini o’z ko’zi bilan ko’rgan ekan. Demak, o’sha qora soyalar ilgari janglarda halok bo’lgan harbiy yigitlarning ruhlari.

— Bunday hodisalar dunyoning ko’plab mamlakatlarida, turli davrlarda tez-tez sodir bo’lib turgan. — deydi Zaruskiy. — Masalan, Makedonskiy davrida ham uning armiyasini qandaydir sirli soyalar dushman iskanjasidan qattiq himoya qilgan. Vaholanki, Makedonskiyga qarshi kurashganlar juda qattiq tayyorgarlikdan o’tgan, katta tajribaga ega bo’lgan jangchilar edi. Biroq ko’rinmas askarlar qarshisida baribir ojiz qolaverishgan. Soyalar ularning boshini bir tomonga, qo’l-oyoqlarini ikkinchi tomonga itqitib, ularga dahshatli o’limlar hadya etishgan.

Tarixiy ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo’lsak, eramizdan avvalgi o’n uchinchi asrda Chingizxon Janubiy Rusga katta yurish uyushtirdi. Ana shu janglar paytida bexosdan paydo bo’lgan qora soyalar uning o’n mingdan ziyod askarini tig’dan o’tkazdi. Chingizxon sira tushunmasdi. Bu yo’qotish qanday sodir bo’ldi? Kim, qaysi tarafdan ularga hujum qildi?..

Yana bir misol. 2003 yilda amerikaliklar iroqliklarga qarshi «Vintovkalar qahri» deb nomlangan navbatdagi harbiy operatsiyani o’tkazishgan. Mo’ljallangan joyga hujum qilib ichkariga kirgan maxsus otryad askarlari ko’rishdiki, u yerda hech zog’ yo’q. Hammayoqni titkilab tashlashdi. Baribir hech bir kimsani topa olishmadi. Tashqariga chiqishdi. Ne ko’z bilan ko’rishsinki, tashqariga qo’yilgan soqchilarning barchasi allaqachon o’ldirib ketilgan. Axir, tashqarida hech qanday ovoz, o’q ovozi, yoki baqir-chaqir bo’lmagan!.. Kim o’ldirishi mumkin ularni?..

Ular ratsiya orqali bo’lib o’tgan voqea haqida rahbarlarga axborot berishdi va dahshat ichida bu ovloq yerni tark eta boshlashdi. Ammo uzoqqa bora olishmadi. Ellik metrlar yo’l yurishgach, kutilmaganda hammalarining ko’zlari chidab bo’lmaydigan darajada achisha boshladi. Birozdan so’ng bu narsa o’tib, askarlar ko’zlarini ochishdi… Va shu zahoti qurollariga yopisha ketishdi. Chunki ro’paralarida xuddi ajdaholarni eslatuvchi mahluqsifat, biroq harbiy kiyimdagilar turishardi…

Oradan besh-o’n daqiqa o’tib-o’tmay, barcha amerikalik askarlar yer tishladi…

Aytishlaricha, xuddi shu kabi hodisalar yana ikki-uch bor takrorlanganmish.