Amerikalik astronomlar «Xabbl» fazoviy teleskopi vositasida Somon yo’li va Andromeda tumanligi galaktikalarining qachon to’qnashishini aniqlashga harakat qilishdi. Bu ikki galaktika ayni chog’da tortishish kuchi hisobiga bir-biri tomon yaqinlashmoqda. Olimlarning fikriga ko’ra, taxminan 4,5-5 milliard yildan so’ng ularning o’zaro birlashuv jarayoni boshlanadi hamda Somon yo’li va Andromeda tumanligi yaxlit galaktikaga aylanadi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday birlashuv Quyosh va uning atrofidagi sayyoralarga deyarli ta’sir ko’rsatmaydi. Galaktikalar birlashuvidan so’ng osmonning tungi manzarasi keskin o’zgaradi. Albatta, bu go’zal manzaradan bahra olish uchun milliardlab yillardan keyin ham Yerda inson yashashi lozim.
— Hozir Andromeda tumanligi Yerdan qaraganda kichkina, noaniq ob’yekt bo’lib ko’rinadi. Astronomlar uni ilk bor bundan ming yildan ham ko’proq vaqt muqaddam kuzatishgandi, ammo o’tgan davr mobaynida koinotga oid savollar ko’paysa ko’paydiki, aslo kamaygani yo’q. Bir kun kelib o’sha mitti noaniq ob’yekt butun Quyosh tizimini yutib yuborishi mumkin, — deydi Baltimordagi Kosmik teleskop ilmiy instituti astronomi Roland van der Marel.
Somon yo’li va Andromeda tumanligi o’rtasidagi masofa taxminan 2,5 million yorug’lik yiliga teng va ular hozir bir-biriga soatiga 400 ming kilometr tezlikda yaqinlashyapti.
— Astronomlar butun asr davomida galaktikalarning yaqinlashuv tezligini aniqlashga harakat qilishgan, ammo sezilarli muvaffaqiyatga erisha olishmagan. Chunki o’sha paytlardagi texnologiyalar bunga imkon bermasdi. Mana, ilk bor biz «Xabbl» fazoviy teleskopi imkoniyatlaridan foydalangan holda yaqinlashuv tezligini aniqlashga erishdik, — deydi mutaxassis.
Olimlar maxsus kompyuter dasturlari orqali ikki galaktikaning birlashuv jarayoni qanday kechishini kuzatishdi. Aniqlanishicha, birlashuvdan so’ng elliptik ko’rinishdagi yagona galaktika hosil bo’ladi. Birlashuv jarayonida yulduzlarning to’qnashuv jarayoni ro’y bermaydi. Chunki ularning orasidagi masofa juda katta. Tadqiqotchilarning so’zlariga ko’ra, birlashuv jarayonida Quyosh tizimining joylashgan o’rni ham o’zgaradi. Birlashuv jarayonida Andromedaga yo’ldosh bo’lgan kichikroq galaktika — M33 ham ishtirok etadi.
Hozir astronomlar ushbu birlashishdan so’ng vujudga keladigan yangi galaktikaga qanday nom berish ustida bosh qotirishmoqda. Uni Melkameda deb atash taklif etilyapti.
Sobir Turdiyev
(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)