Fransiyada uyining yerto‘lasini ta’mirlayotgan erkak odam skeletiga duch keldi. Bu voqea qazishmalar olib borishga sabab bo‘lib, oqibatda o‘nlab qabrlardan iborat 700 yillik qabriston topildi. Bu haqda “Live Science” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Fransiyaning Korbey-Eson shahrida joylashgan uy o‘rta asrlardagi ibodatxona o‘rnida qurilgan. Uyning egasi ilk bor 2023 yil qishda qabristonga duch kelgan. Hozirga kelib, arxeologlar yana 38 qabrni ochishga erishgan. Ular 52 kvadrat metr maydondagi to‘rtta xonada joylashgan.
Qayd etilishicha, eng qadimiy qabr eramizning III asriga (Rim imperiyasi davri) tegishli. U yerda, shuningdek, Merovinglar hukmronligi davrining dastlabki yillariga tegishli bo‘lgan o‘nta gipsli sarkofag topilgan (476 yildan 750 yilgacha davom etgan davr). Eng so‘nggi dafn esa X asrga tegishli.
Nashrga ko‘ra, qabrlarning aksariyati parallel qatorlarda joylashgan. Rim imperiyasi davrida vafot etganlarni yog‘och to‘siqlarga qo‘yilgan holda belgilangan tartibda dafn qilishgan. Merovinglar davriga tegishli gipsli sarkofaglar bir-biriga yaqin joylashgan va yoy shaklida o‘rnatilgan. Sarkofaglardan birining ustiga dastlab rozetta shaklidagi naqshlar va ikkita xoch tasviri tushirilgan tosh plita qo‘yilgan – bu naqshlar o‘sha davrda keng tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan “Kumushkon” mahallasining shimolidagi fermer xo‘jaligiga olib boruvchi yo‘lning qurilishi jarayonida tasodifan qadimgi davrga oid qabr qoldiqlari aniqlangan edi.