Yaqinda tahlilchilar tadqiqot o’tkazib dunyoning qaysi mamlakatida internet arzon va qaysi mamlakatida qimmat, degan savolga javob topishga harakat qilishdi. Oradagi tafovut esa juda kattaligi ma’lum bo’ldi.
Ekspertlar turli mamlakatlarda o’lchov birligi sifatida 1 GB internetning o’rtacha narxini olishdi. Natijada birinchi o’rin Isroilga berildi. Bu mamlakatda internet foydalanuvchilari 1 GB uchun 0,04 dollar to’lar ekan. Undan keyin Italiya bormoqda. U yerda internet narxi 0,12 dollar turadi.
Eng qimmat aloqa Avliyo Yelena Orolida ekanligi ma’lum bo’ldi. Orolliklar 1 GB internet uchun naq 41,06 dollar to’lashi kerak ekan. Internetning qimmatliligi bo’yicha ikkinchi o’rinni Folklend oroli egallagan. Bu yerning odamlari 1 GB uchun 38,45 dollar berishga majbur.
Umuman, mutaxassislar tadqiqot natijasida mamlakatlarni internet bilan ta’minlanganlik darajasi bo’yicha to’rt toifaga bo’lishdi.
Birinchisi, yaxshi rivojlangan infratuzilmaga ega mamlakatlar: Ushbu toifa mamlakatlarda allaqachon 4G mavjud va 5G ham joriy qilinmoqda. Bunday mamlakatlarning barcha hududi tarmoqlar bilan qoplab olingan, operatorlar o’zaro raqobat qiladi va natijada yanada qulay tariflarni taklif etadi.
Ikkinchisi kuchli qaram mamlakatlar: Bunday mamlakatlar belgilangan keng polosali aloqaga ega emas. Aholi faqat mobil internetdan foydalanishga majbur. Bu mamlakatlarda aholining daromadi past va uyali aloqa ham arzon.
Uchinchisi, kam iste’mol: 4G yaxshi rivojlangan, ya’ni infrtuzilmalari internetdan tejab foydalanish madaniyatini qo’llab-quvvatlash tarafdori bo’lgan mamlakatlar. Arzon tariflar hamda ma’lumotlar ko’lami ham kichkina.
To’rtinchisi, boy iqtisodiyotga ega mamlakatlar: hududi 4G va 5G tarmoqlari bilan juda yaxshi qoplangan. Ko’p xarajatli trafik. Aholining to’lov qobiliyati yuqori bo’lgani uchun internet ham qimmat.