Bundan 243 yil oldin, 1778 yilning aprelida sizu bizga juda tanish, dunyo valyutasiga aylangan AQSh dollarini anglatuvchi $ belgisi o’ylab topilgan. Hozirda ko’pchilik uchun pulni anglatuvchi ushbu belgini tarixni o’zgartirgan belgilar Top-10 taligiga bemalol kiritishimiz mumkin. Biroq bu belgining kelib chiqish tarixini bilamizmi? «Bugun.uz» beshta bandda ushbu belgining kelib chiqish tarixi hamda ahamiyati haqida hikoya qiladi.
$ qanday paydo bo’lgan? Uning kelib chiqishi bo’yicha o’nlab taxminlar mavjud. Ular orasida kamroq ommalashgan, biroq eng haqiqatga yaqin bo’lgani asli irland millatiga mansub yangi orleanlik biznesmen Oliver Pollok tomonidan birinchi marta pesoni ifodalash uchun ishlatgan $ belgisi hisoblanadi. O’sha davrda ispan pul birligi hisoblangan pesoning ko’plik shakli qisqartmasi (ispancha pesos) «Ps» yoki «Ps» shaklida pul birligini ifodalashda qo’llanib kelingan. Keyinroq katta «P» harfi ustiga kichik «s» harfi bostirib yozilgan. Oliver Pollok esa 1778 yil 1 aprel kuni kongressmen Robert Morrisga yozgan xatida bir miqdorni avval «Ps» belgisi bilan, keyin esa zamonaviy $ bilan yozdi. Bu birinchi marta ushbu belgi yozilgan xujjat sifatida tarixda qoldi. Keyinchalik rasmiy hujjatlarda Morris uni qo’llay boshladi.
Yana bir versiyaga ko’ra, «United States» birikmasidagi bosh harflarning ustma-ust yozilishidan kelib chiqqan. Bunda dollar belgisining ustidan o’tkazilgan ikkita vertikal chiziq aynan «U»ning qo’llanilishidan saqlanib qolgan, degan fikrlar bor. Ushbu farazni birinchi bor doktor Jeyms Alton Jeyms o’rtaga tashlagan va uning asoschi otalaridan biri Robert Moris o’ylab topgan, deb hisoblaydi.
Nega buni bilishimiz kerak? Bugun dunyoda eng ko’p muomalada bo’lgan pul birliklari ichida dollarning ahamiyati biz uchun yuqori. Hayotimizning qaysi jabhasiga qaramaylik, asosan, mehnat migrantlari va eksport qilish orqali qo’limizga yetib keladigan hamda odamlar orasida o’zaro hisob-kitob qilish, baholash ishida birinchi tilga oladiganimiz dollar va biz uni yozuvda osongina qilib $ shaklida foydalanib kelamiz. Uning qaerdan va qanday qilib paydo bo’lgani biz uchun, albatta, qiziq va foydali bo’lishi turgan gap.
Oliver Pollok haqida. U 1737 yilda Irlandiyada tug’ildi. 23 yoshida otasi bilan Shimoliy Amerikaga keldi. Uning keyingi hayoti Amerika bilan chambarchas bog’landi. U dastlab ispanlar bilan savdo qildi. Keyinchalik Luiziana gubernatori bo’lgan Alexandro O’Rayli bilan yaqin aloqa o’rnatdi. U Yangi Orleanda katta savdogarga aylandi, ayniqsa, oziq-ovqat tanqisligi davrida katta ishbilarmon sifatida tanildi. Oliver juda zarur bo’lgan mahsulotlarni olib kelib, undan foydalanish o’rniga, mahsulotlarni yarim narxida sotdi. Shundan keyin xalq orasida shuhrati ortib ketdi. Amerika inqilobidan so’ng ancha kambag’allashib ketdi, lekin 1800 yillar atrofida yana o’zini tiklab oldi va Trudo uyi, Luiziana shtatidagi G’arbiy Felisiya Parishidagi plantatsiyalar yerlariga egalik qildi. U 1819 yilda vafot etdi.
Oliver Pollokning Amerika tarixida o’rni qanday? Amerika inqilobida u juda boyib ketib, katta siyosiy mavqega ham ega bo’ldi. Pollok Amerika armiyasining eng yirik ta’minotchilaridan biri edi. U Luiziana gubernatori va Amerika «asoschi otalar»idan Patrik Anri va Robert Morris o’rtasida maxfiy vositachi bo’lib, Amerika Qo’shma Shtatlarini tuzish uchun birinchi maxfiy yordamni olib kelishda katta rol o’ynadi. O’z vaqtida Ispaniyaning Amerika tomondan urushga kirishida va Luiziana, Alabama, Florida shtatlarini inglizlardan ozod qilishda ham alohida xizmat qildi. Boyligining katta qismini urushda boy berdi va kambag’allashib qoldi. Uch marta Kongressga saylovlarda qatnashdi, ammo saylana olmagan. U AQSh tarixida mehnatlari uchun kam qadrlangan shaxs sifatida ko’riladi.
O’zbekistonga qanday aloqasi bor? «O’zbek so’mi 1-chorakni AQSh dollariga nisbatan mustahkamlangan holda yakunlamoqda», «dollar kursi so’nggi xafta davomida pasayishda bo’ldi» yoki «dollar milliy valyutamizga nisbatan yuqoriladi», degan jumlalarga ko’p ko’zimiz tushadi. O’ylab ko’rganmizmi? O’zi nega dollarga nisbatan solishtiramiz? Hozirda 100 dollarlik AQSh dollari kupyuralarining 80 foizi Qo’shma Shtatlardan tashqarida foydalaniladi. AQSh Federal zaxira tizimi ma’lumotlariga ko’ra, bugun yer yuzi bo’ylab naqd pul ko’rinishida 1,74 trillion dollar aylanib yuribdi. Uning yarmidan kamrog’i AQShda, ko’prog’i boshqa mamlakatlarda ishlatilyapti. Juda katta miqdordagi ushbu valyuta jahon savdo aylanmasidagi hisob-kitoblarda yetakchilik qiladi. Eksport-import tovarlari savdolarida ham dollarning ahamiyati asosiy o’rinni egallaydi.