Hindiston poytaxtida joylashgan Jamiya Milliya Islamiya (Jamia Millia Islamia – JMI) universiteti hududida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy haykali o’rnatiladi.
O’zbekiston elchisi Dilshod Ahatov va universitet rektori professor Najma Axtar uchrashuvi chog’ida bu haqda kelishuvga erishildi.
2020 yil faoliyatining 100 yilligini nishonlagan Jamiya Milliya Islamiya universiteti mamlakatning yetakchi oliy ta’lim maskanlaridan biri hisoblanadi va uning faoliyati markaziy hukumat tomonidan moliyalashtiriladi. Bu yerda huquq, gumanitar fanlar va tillar, nafis san’at, tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlar, injeneriya va texnologiyalar, ta’lim, me’morchilik, stomatologiya, boshqaruv tadqiqotlari kabi qator yo’nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi. 20 ming nafar talabaga 1000 nafar professor va o’qituvchilar dars beradi.
O’quv jarayonida Sharq olimlari, jumladan, buyuk o’zbek allomalarining noyob asarlarini o’rganishga ham katta e’tibor qaratiladi. Ta’lim maskanining ikkita binosi Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan atalgan.
Uchrashuv chog’ida professor Najma Axtar Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosiga yuqori baho berib, uning «Kitob ul-hind» asari Hindiston haqida yozilgan ilk noyob ilmiy asarlardan biri ekanini ta’kidladi. Shu bois qomusiy olim haykali uning jahon hamjamiyati, jumladan, hind xalqi oldidagi xizmatlarining yuksak e’tirofi ramzi bo’ladi.
Abu Rayhon Beruniy haykalini oliy bilim yurtining huquqshunoslik, xorijiy tillar departamenti, dizayn va innovatsiya departamenti, arab-hind madaniyat markazi va boshqa bo’linmalari tutashgan gavjum maydonchada o’rnatish rejalashtirilmoqda. Haykal universitetga O’zbekiston tomonidan taqdim etiladi.
Muloqot chog’ida mamlakatimiz oliy o’quv yurtlari va Jamiya Milliya Islamiya o’rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDShU) va JMI o’rtasida imzolangan Ahdlashuv memorandumi doirasida Toshkentga hind va urdu tillari bo’yicha ikki nafar mutaxassisni jo’natish va, o’z navbatida, TDShUning ikki nafar mutaxassisini hind universitetiga yuborish bo’yicha yakdil fikr bildirildi. O’zbekistonlik o’qituvchilar Jamiya Milliya Islamiya huzurida 2004 yilda ochilgan o’zbek tili kurslarida yoshlarga saboq beradi.
Shuningdek, O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (O’zJOKU) va JMI huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar tadqiqot markazi o’rtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish istiqbollarini o’rganish uchun ikki oliy o’quv yurtlari o’rtasida o’zaro delegatsiya almashinadigan bo’ldi.
Eslatib o’tamiz, avgust oyi oxirida davlatimiz rahbarining «Abu Rayhon Beruniy nomidagi YuNESKO — O’zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etishni qo’llab-quvvatlash to’g’risida»gi qarori qabul qilindi. Shuningdek, 4-8 sentyabr kunlari Parij shahrida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash doirasida xalqaro ko’rgazma hamda tadbirlar o’tkazilishi rejalashtirilgan.