«Alkogol bakteriyaning axlati ekanini ko’pchilik bilmasa kerak», degan edi Sibir Gumanitar-Ekologiya institutining professori, xalqaro psixoanalitiklar birlashmasining prezidenti Vladimir Georgiyevich Janov.
Soha mutaxassislarining fikricha, Yer kurrasida yashaydigan katta yoshli odamlar orasidagi har o’ninchi kishi spirtli ichimlik iste’mol qilar ekan. Butunjahon sog’liqni saqlash tashkilotining xulosalariga qaraganda, spirtli ichimliklarni muntazam iste’mol qiladigan odamlarning 6-7 foizi piyonistaga aylanib qoladi.
Odamlar spirtli ichimlikni lazzatlanish, huzur-halovat
tuyish, kayfiyatini ko’tarish, ruhiy zo’riqish yoki toliqish ta’siri yoxud qanoatlanmaslik hissini susaytirish, o’zaro muloqotni yengillatish, yo’lga qo’yilayotgan munosabatlarni samimiylashtirish kabi maqsadlarda iste’mol qiladi. Garchi spirtning asab tizimiga zaharli ta’siri ostida yuzaga keladigan bunday his-tuyg’ular qisqa vaqt kechib, xayoliy, soxta bo’lsa-da, yengilgina mastlik darajasi sub’yektiv jihatdan yoqimli kechadi va aksariyat odamlar tomonidan ijobiy baholanadi.
Spirtli ichimlik qabul qilib yuradigan inson umri boshqalarga nisbatan 15-20 yilga qisqaradi. Spirt zahridan aksariyat hollarda jigar, yurak va miya kasallanadi. Yurak mushaklari (miokard) infarkti holatlarining 40 foizi aynan spirtli ichimliklarni iste’mol qilish sababli yuz beradi.
Spirtli ichimlikning 100-150 grammi esa kishining aqliy faoliyatini 15-25 foizga sustlashtiradi. Bu holat, odatda, ikki sutkaga qadar saqlanib qoladi. Ma’lumki, aroqning 60-100 grammi kishining eshitish va ko’rish qobiliyatini 50 foizgacha tushiradi.
«Hordiq plyus» gazetasidan