Tashrif buyurish uchun bahor va kuz oylari eng yaxshi vaqt deb hisoblanmasa ham, bu mavsumlar turist sifatida Bodrumni kashf qilish uchun eng maqbul paytlardan biridir.
Dunyoning eng go’zal ikki dengizi Egey va O’rta Yer dengizining tutashish nuqtasida joylashgan Bodrumda 70 ga yaqin moviy bayroqli sohillar mavjud. Moviy bayroq – dengizi eng toza bo’lgan sohillarga beriladigan tasdiq sertifikati bo’lib, bu hujjat Bodrumni Turkiyadagi eng nufuzli dengiz ta’tili o’tkaziladigan manzillardan biriga aylantiradi.
Karakaya qishlog’ida (Gumushluk) qaroqchilardan yashirining
Karakaya qishlog’ining o’ta sokinligi siri bu bir vaqtlar qaroqchilardan yashirinish maqsadida boshpana bo’lib xizmat qilganligidadir. Qishloq Gumushluk yaqinidagi Peksimet tog’ining narigi chekkasigacha cho’zilgan. Karakaya XVI asrda ko’rfazga qaragan tepalikda qurilgan. Sohildan yarim kilometr uzoqlikda joylashgan bo’lsada, yashirin joylashuvi tufayli qishloq aholisi tomonidan afzal ko’rilgan.
Shafqatsiz qaroqchilarning e’tiboriga tushmaslikka harakat qilish, izsiz joylarda yashash – bu hikoyaning faqat bir qismi. Mahalliy aholi yashirinish uchun uylarini loy va somon bilan suvoq qilishgan. Taxminan o’ttiz yil avval tashlab ketilgan va taqdir izniga tashlab qo’yilgan qishloq bugun sarmoyaviy va obodonlashtirish loyihalari bilan hayotga qaytdi. Qishloqdagi 60 dan ortiq xonadonning deyarli yarmida hayot boshlandi.
Suvga sho’ng’ish orqali cho’kib ketgan samolyot halokatining guvohi bo’ling
Suv tubiga sho’ng’ish ixlosmandlarining ajralmas manzili bo’lgan Bodrumda 20 dan ortiq sho’ng’ish nuqtalari mavjud. Riflar, g’orlar va uchta cho’kib ketgan kemalar dengiz ostidagi yashirin dunyoning bir qismidir.
Bodrum yarim oroli ko’plab kichik va katta ko’rfazar bilan o’ralgan. Dengizning sayoz suvlari baliq, sakkizoyoq, dengiz o’tlari va dengiz shimgichlarini tezda ilg’ab olishigizga yordam beradi.
Bodrumda suv osti g’orlari, g’arq bo’lgan kemalar va samolyot halokatlarini kashf qilishingiz mumkin. Ilg’or g’avvoslar qizil sher baliqlari, barrakudalar va gurflar atrofidan zigzag chiziqlar bilan aylanib o’tib yo’l topishga harakat qilishadi.
Butun kun davom etadigan qayiq sayohatiga qo’shiling
Sahardan boshlanadigan va taxminan sakkiz soat davom etadigan bu turlarda Egey dengizining tiniq suvlarida suzish, qayiqda quyosh botishini kuzatish, ajoyib ko’rfazlar va go’zal sohillarni ziyorat qilish orqali kuningiz bir umr unutilmaydigan xotiralarga boy bo’ladi. Bodrumning maftunkor ko’rfaziga bo’lgan ushbu qayiq sayohati Bodrum ta’tilining eng unutilmas tajribalaridan biri bo’ladi. Kruiz sayohati davomida tushlik beriladi. Bir stakan kokteyl bilan quyosh botishini tomosha qilish Bodrumdagi tungi hayotga qaytishdan oldin qilinadigan eng yoqimli faoliyatdir.
Bodrumning rang-barang, jonli kechalari tungi klublardan taralayotgan musiqa va raqs chiqishlari hamda ko’pikli shoulari bilan uzluksiz o’yin-kulgilarni taqdim etadi. Aksariyat dam oluvchilar erta tongda mehmonxonalariga qaytadilar.
Bodrum suv osti arxeologiya muzeyiga tashrif buyuring
Bodrum suv osti arxeologiya muzeyi Bodrum (Avliyo Pyotr) qal’asi ichida joylashgan. Qal’a 1402-1409 yillarda Avliyo Ioann ritsarlari (Rodos ritsarlari) tomonidan qurilgan. Qal’aning xonalari 1964 yilda tashkil etilganidan beri muzey sifatida ishlatilinadi.
Muzeyda kema halokatiga uchragan dengizchilarning shaxsiy buyumlaridan tortib, qadimiy qoldiqlar, cho’kib ketgan kemadagi shisha, mis va tilla buyumlar bilan birgalikda kolleksiya sifatida namoyish etilinadi. Bodrum suv osti arxeologiya muzeyida dunyodagi eng qadimgi kema halokatlaridan biri joylashgan.
Bodrumda suv sportini sinab ko’ring!
Bodrum go’zal sohillari, moviy dengizlari va unutilmas quyosh botishi bilan muhtasham tabiat qo’ynidan joy olgan shahardir. Bodrum to’lqinlarining ovozi va uning betakror manzarasi sizga unutilmas dam olish zavqini beradi. Bodrumdagi suv sportlari yoshi va tajribasidan qat’iy nazar hamma uchun ochiq.
Elkanlar, qayiq sayohatlari, shamol so’rfingi, baliq ovlash, banansimon qayiqda sayr qilish, shnorkelli suzish, sho’ng’ish, suv chang’isi va “jet-ski” kabi turli xildagi suv sportlari Bodrumda suv sporti bilan shug’ullanmoqchi bo’lganlar uchun taklif qilingan faoliyatlardan ba’zilaridir.
Bodrumda xarid qilish zavqi
Tarixiy Bodrum qal’asi bilan antiqa manzaraga ega Bodrum bozorida esdalik sovg’alari sotiladigan son-sanoqsiz do’konlarga duch kelasiz. Bodrumga xos suvenirlar, qo’l san’atlaridan tortib, bozordagi stendlarda namoyish etilayotgan funksional mahsulotlarga qadar barchasi hamisha Bodrum ta’tilingizni va bu yerda o’tkazgan yaxshi kunlaringizni eslatib turadi.
Xarid qilishda savdolashish odat tusiga kirgan bo’lsada, bu sizda ilk marta bo’ladigan tajriba bo’lishi mumkin. Xarid paytida savdolashish ijtimoiy marosim hamda turk madaniyatining bir qismi bo’lib, xaridga o’zgacha tus beradi. Shunday qilib, siz o’zingiz xohlagan narsani eng qulay narxda sotib olishingizga amin bo’lishingiz mumkin.
Bodrum shamol tegirmonlarini ko’ring
Bodrumning ramzlaridan biri bo’lgan shamol tegirmonlari yarim orolning eski aholi punktida joylashgan. Shamol tegirmonlariga sayr qilish nafaqat hayotingizga kuch bag’ishlaydi, balki Turk yarim orolining tarixiy hududini ham kashf etasiz. Shamol tegirmonlari biz ko’nikib qolgan Bodrumning jonli, gavjum qismidan farqli o’laroq, port ortidagi ancha sokinroq joyda joylashgan.
Hududdagi eski binolarning og’ir nostalgik muhiti sizni o’ziga jalb etadi va shaharning kundalik hayotidan xuddi meditatsiya qilayotgandek uzoqlashasiz. Dengizda yoki barlarda ko’proq vaqt o’tkazgan bo’lsangiz ham, Bodrum shamol tegirmonlarida o’tkazgan bir necha sokin daqiqalar sayohatingizning eng esda qolarli sahnasi bo’ladi.
Avtomobilda Bodrum yarim oroliga sayohat
Bodrum markazidan tashqari, Bodrum yarim orolida qirg’oq bo’ylab turli yerlarda tarqalgan, kashf etilishini kutayotgan ko’plab yashirin burchaklar mavjud. Turgutreis va Yalikavak kabi tumanlar unutilmas quyosh botishi, musaffo havosi va yoqimli shamollari bilan mashhur.