INSON XOTIRASI NIMALARGA QODIR?..
Xudo bandasini yaratish asnosida unga albatta qaysidir jihatdan iste’dod yoki imkoniyatlarni singdiradiki, shu banda yorug’ dunyoda o’z o’rniga ega bo’lsin.
Shu o’rinda inson xotirasi ham xudo bergan imkoniyatlar, inoyatlardan biridir. Masalan, angliyalik Dominik O’ Braynenga dunyodagi hech bir kazinoga kirish uchun ruxsat berishmaydi. Bu erkak uchun dunyo kazinolariga tashrif buyurish qat’iyan taqiqlangan. Nega? Chunki Braynenning xotirasi shu qadar kuchliki, har qanday yo’l bilan kazinodagi eng katta yutuqni o’ziniki qila oladi. Yangi tilni o’rganish uchun Braynenga ikki-uch kun kerak bo’ladi xolos. Bir soatda u 300 ga yaqin yangi tilga oid so’zlarni xotirasiga joylay oladi. 1994 yili 15 daqiqa ichida 152 ta xitoycha so’zlarni yodda saqlab qolib xotira bo’yicha o’tkazilgan jahon chempionatida oliy o’rinni egallagan. Amerikalik Kim Pik ismli erkak esa ilgari o’zi o’qib chiqqan 12 mingta kitob matnini, Amerikadagi shaharlar va avtomagistrallar xaritasini ham yoddan bilgan.
Kunlarning birida Pushkin o’zining «Evgeniy Onegin» asariga tegishli beshinchi bobni yo’qotib qo’ygandi. Bu ko’ngilsizlik Moskvadan Peterburgga qilgan safari jarayonida yuz berdi. Qarangki, ukasi Lev Sergeevich xotira masalasida rekordsmen ekan. Xuddi o’sha asarni to’liq yoddan bilarkan. Akasiga yo’qotilgan bo’limni tiklab berdi.
Xitoylik Gu Yanlin ham xotirasining cheksiz imkoniyatlaridan unumli foydalanadi. U telefon raqamlarning 15 000 tasini yoddan biladi.
1934 yili mashhur balerina Lina Po gripp asorati tufayli ko’rish baxtidan mahrum bo’ldi. Aniqrog’i, ko’r bo’lib qoldi. Ammo sira tushkunlikka tushmadi. Iste’dodli odam baribir boshqa-da. U haykaltaroshlik bilan shug’ullanishni ixtiyor etdi. Shubhasiz, buni xotirasi yordamida uddaladi. 14 yil ichida 100 taga yaqin mashhur kishilar haykallarini yaratdi.
Olimjon HAYIT tayyorladi