1954 yilning yoz kunida Dnepropetrovsk tibbiyot institutining psixiatriya klinikasiga tez yordam mashinasi g’ayrioddiy bemorni yetkazdi. Nadejda Lebedina kecha kechqurun uyquga ketib hali ham uyg’onmaganligini aytishdi.
U nafas olardi, yurak urishi ham normal edi, faqat uni uyg’otib bo’lmasdi.
Turmush o’rtog’i yelka qisib: “So’nggi paytlarda tez-tez janjallashib turardik, kecha ham aytishib qoldik, lekin hammasi odatdagidek edi”, dedi. Uning so’zlariga ko’ra Nadejda kechqurun yig’lab-yig’lab uxlab qolgan.
Shifokorlar ham taajjubda. Bemorda puls sekinlashi va tana harorati pasayishini hisobga olmaganda boshqa patologik o’zgarishlar kuzatilmadi. Shuning uchun ular Nadejdani naycha bilan oziqlantirishga moslashtirib kuzatuv uchun klinikada qoldirishga qaror qilishdi. Tibbiy ma’lumotnomada “katatonik qotib qolish” tashxisi qo’yildi. Va yana bir – «shizofreniya» so’zini ham qo’shib qo’yishdi.
Nadejda Lebedina to’rt yilni uyg’onmasdan ruhiy kasalliklar klinikasida o’tkazdi. Shifokorlardan aniq hukmni kutmasdan, onasi o’z qaramog’i va nazorati ostida uni uyiga olib ketishga qaror qildi.
Bir yil o’tgach, Nadejdaning eri vafot etdi. Ko’p o’tmay qizi Valya bolalar uyiga olib ketildi – buvisi unga qaray olmasdi, chunki butun kuchi uxlagan qizini parvarish qilishga sarflanardi.
Yillar o’tgan sari ayolning uyqusi mayinlashdi, u boshini o’girishni, qo’l va oyoqlarini silkita boshladi. Lekin to’liq uyg’ongani yo’q edi. Uyg’onish onasi vafot etgan kuni sodir bo’ldi. Dafn marosimidan so’ng 25 yoshli qizi Valya Nadejdani oldiga kelib, u ko’zlarini ochib yotganini ko’rib hayron bo’ldi. Ulardan yosh oqardi. “Onam vafot etdimi?” – uning birinchi savoli shu edi. Yana nimadir deyishga urindi, lekin so’zlarini aniqlab bo’lmadi.
Nadejda yana uxlab qoldi. Shu zayl uxladi va deyarli 20 yildan so’ng 1974 yilda uyg’ondi. Lebedina uyqusi 20 yilga cho’zilganiga ishonmadi – u go’yoki kechagina uxlab, bugun uyg’onganini, faqat uyqusi og’irroq bo’lganini aytdi. 54 yoshga kirgan bo’lsada, u juda yosh ko’rinardi. Tezda tanasi yo’qotgan vaqt o’rnini qoplay boshladi. Shifokorlarning so’zlariga ko’ra ayol kuniga emas, soatiga qarab qariy boshlagan. Yuziga ajinlar tushib, boshiga oq sochlar paydo bo’ldi.
Shifokorlar unga boshqatdan yurishni va kundalik ko’nikmalarni o’rgatishdi. Xato qo’yilgan «shizofreniya» tashxisi olib tashlandi. U bilan bo’lib o’tgan voqea “isterik patologik tush” sifatida qabul qilindi.
Nadejda Lebedina yana 20 yil yashadi. U chet elda ma’ruzalar o’qishga taklif qilingan, yapon televideniesi u haqida film suratga olishni orzu qilar edi, lekin u “Temir parda”dan chiqishga muvaffaq bo’lmadi.