1970 yildan 2020 yilgacha yovvoyi hayvonlar populyatsiyasi 73 foizga kamaydi. Buning asosiy sababi inson faoliyati ekanligini aytilmoqda. Bu haqda London zoologiya jamiyati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mutaxassislar hayvonlar soni haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jurnallarda, nohukumat tashkilotlar nashrlarida va boshqa ishonchli ilmiy manbalarda chop etilgan tadqiqotlardan yig‘adi. Ushbu ma’lumotlar asosida yer usti va suvda yashovchi deyarli 5,5 ming turdagi yovvoyi hayvonlarning populyatsiyasi holati tahlil qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng og‘ir vaziyat Lotin Amerikasi va Karib havzasida kuzatilmoqda. Ushbu hududlarda populyatsiya 50 yil ichida 95 foizga kamaygan. Afrikada ham vaziyat murakkab: u yerda yovvoyi hayvonlar soni 76 foizga qisqargan. Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi davlatlarda qisqarish 60 foizni, Shimoliy Amerikada 39 foizni, Yevropada esa 35 foizni tashkil etgan.
Olimlarning fikricha, ushbu achinarli tendensiya global isish, ko‘plab turlar yashash muhitining yo‘q qilinishi, tabiatning ifloslanishi va inson faoliyati tufayli kelib chiqadigan boshqa jarayonlar sababli yaqin yillarda yanada tezlashishi mumkin. London zoologiya jamiyati rahbari Metyu Gudning ta’kidlashicha, hisobotdan chiqarilgan xulosalar yaqqol ko‘rinib turibdi.
“Biz tabiat halokati va iqlim o‘zgarishi uchun hal qiluvchi nuqtaga xavfli darajada yaqinlashdik. Ammo biz bilamizki, tabiatga imkon bersak, u tiklanishi mumkin va hali ham harakat qilish uchun imkoniyat bor”, dedi ekspert.
London zoologiya jamiyati ayrim ijobiy o‘zgarishlarni ham qayd etgan. Masalan, 2010 yildan 2016 yilgacha Afrika markaziy hududlarida tog‘ gorillalari populyatsiyasi 3 foizga oshirilgan. Shuningdek, 2020 yilga kelib, Yevropada yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan yovvoyi bizonlarning soni 6,8 mingga yetkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zimbabve hukumati so‘nggi 40 yil ichida kuzatilayotgan eng kuchli qurg‘oqchilik sabab aziyat chekayotgan aholini boqish uchun 200 ta filni so‘yishga qaror qilgan edi.
Undan oldinroq esa xuddi shu maqsad bilan Afrikaning janubi-g‘arbiy qismidagi Namibiya hukumati ham 723 ta yovvoyi hayvonni, jumladan 83 filni so‘yishni rejalashtirgan.