Germaniyaning Genrix Gayne nomidagi universiteti olimlari asalarilar qanday qilib ma’lumotni “meros” sifatida yetkazib, ayrim asalarilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri uyadagi hayotga moslashish va uning jamoaviy faoliyatini ta’minlash imkonini berishini aniqladi. Tadqiqot “Science Advances” ilmiy jurnalida chop etilgan.
Nashrning yozishicha, jamoa dsx deb nomlanuvchi maxsus genni topgan. Ma’lum bo‘lishicha, bu gen ishchi asalarilarga xos xatti-harakatlarni belgilaydi. Biologlar CRISPR/Cas9 genetik qaychi usulidan foydalangan holda dsx genini tanlangan asalarilarda o‘zgartirish yoki o‘chirish uchun izlanishlar olib borgan.
Ular tadqiqot o‘tkazilgan asalarilarga QR-kodlar yopishtirib, uyaning ichidagi harakatlarini kameralar yordamida kuzatgan. Olingan videokadrlardagi ma’lumotlar sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinib, asalarilarning individual xatti-harakatlari modellari aniqlangan.
Qayd etilishicha, tadqiqotchilar GFP'ni (yashil ftorasent oqsil) dsx geniga kiritgan, shu orqali GFP dsx oqsili bilan birga ishlab chiqarilishi imkoniyati paydo bo‘lgan. Keyin neyron tarmoqlar oddiy asalarilarda va genetik o‘zgartirilgan asalarilarda ftorasent mikroskop yordamida kuzatilgan.
“Gen ishchi asalarining koloniyadagi vazifalarni bajarayotganini va qanchalik davomiyligini dasturlaydi. Bunga lichinkalarga qarash yoki oziq-ovqat qidirish kabi jamoaviy vazifalar hamda oziq-ovqat manbalarini ijtimoiy almashish kiradi”, deya ta’kidlagan mutaxassislar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar Braziliyada azaldan ma’lum bo‘lgan eng kichik umurtqali jonzotlardan biri – chumoli jussasi bilan teng bo‘lgan qurbaqani topgan edi.