Apple hozirga qadar 2 mlrd dona iPhone sotgani ma'lum bo'ldi

Apple korporatsiyasi shu kungacha 2 milliard dona iPhone smartfonlarini sotgan, deb xabar beradi «Korrespondent.net».

Asymco agentligi tahlilchisi Goratsiy Dediuning hisoblashicha, korporatsiya ikki milliardinchi iPhone’sini bir necha kun oldin sotgan. Shu bilan birga, Apple buni ommaga e’lon qilganicha yo’q.

 

«Raqamlar bu qadar katta bo’lgach, ta’sirchanlik kamayadi», — deydi Dediu. Uning so’zlariga ko’ra, 2 milliard dona smartfon sotilgani haqida gapirish milliardinchi qurilma sotilganini e’lon qilishchalik qiziqarli emas.

Shuningdek, u Apple uzoq yillardan buyon iPhone’ning boshlang’ich narxini 400 dollar atrofida saqlab kelayotganiga e’tibor qaratgan, biroq qurilma uchun belgilangan narxlar oralig’ida har qachongidan ko’ra kengroq.

Uning fikricha, savdolarning o’sishiga foydali kreditlash va Trade-in dasturlari xizmat qilmoqda, bundan tashqari, chaka savdo trafigi ko’plab mamlakatlarda koronavirus cheklovlarini yengillashgani sabab ortmoqda.

Dediuning qayd etishicha, iPhone ikkilamchi bozordagi eng mashhur smartfon hisoblanadi, bunga uning sifati va talabgorligi sabab bo’lmoqda.

Ma’lumot uchun, Apple kompaniyasi milliardinchi iPhone’ini 2016 yilda sotgan edi.