Bugun aholi orasida koronavirusdan davolanish yoki profilaktika maqsadida antibiotik qabul qilish hollari uchrab turibdi. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda antibiotiklarni noto’g’ri qo’llash natijasida dunyoda yiliga 700 ming kishi vafot etadi. Bu koronavirusdan vafot etayotganlardan kam ko’rsatkich emas. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, antibiotiklardan foydalanish tartibga olinmasa, 2050 yilga borib yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.
—Eng avval aytish kerak bo’lgan gap shu: antibiotiklar koronavirusni davolamaydi. Chunki antibiotik — bakteriyalarga qarshi vosita, virusga ta’sir etmagani yetmaganidek, uning tarqalishiga sharoit yaratib beradi, — deydi Sog’liqni saqlash vazirligi huzuridagi farmatsevtika tarmog’ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig’i Muhabbat Ibragimova. — Antibiotiklarni reseptsiz va tartibsiz qabul qilish organizmda chindan ham antibiotikka zarurat tug’ilganda u ta’sir qilmay qolishiga olib keladi. Buning sababi organizmda antibiotikga nisbatan chidamlilik paydo bo’lgan bo’ladi.
JSST tomonidan antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik atamalari qo’llaniladi. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo bo’lsa, multichidamlilikda bemorga hech qanday antibiotik ta’sir qilmay qoladi. Buning oqibatlari juda yomon.
Koronavirus dastlab tarqala boshlagan paytda odamlar uni shamollash deb o’ylab, antibiotiklarni shifokor retseptisiz ham qabul qila boshlashdi. Koronavirusga chalinganda antibiotik iste’mol qilinsa, kasallikka ta’sir qilmaydi. Chunki uning sababchisi bakteriya emas, virus bo’ladi. Bemorning ahvoli og’irlashib, immunitet kuchsizlanadi.
Agar bemor shunday sharoitda in’yeksion va infuzion vositalar bilan uyda muolaja olsa, oqibati o’lim bilan yakunlanish xavfi bor.
loading…