Andijon shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlariga bag’ishlangan axborot texnologiyalari yo’nalishidagi “Digital Valley” oromgohi tashkil etildi.
Ushbu ob’yekt “Digital City” texnoparki, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti – FAO hamda Aholishunoslik jamg’armasi hamkorligida, O’zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va Andijon viloyati hokimligi ko’magidagi qo’shma tashabbus mahsuli.
Oromgoh BMT Bosh kotibi Tinchlik o’rnatish jamg’armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O’zaro hamkorlik orqali O’zbekiston va Qirg’izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” nomli loyihasini amalga oshirish doirasida faoliyat yuritadi.
Andijonda o’tkazilayotgan “Digital Valley” axborot texnologiyalari oromgohining asosiy maqsadi – Farg’ona vodiysi va qo’shni mamlakatlar yoshlari o’rtasida axborot texnologiyalari sohasiga umumiy qiziqish asosida do’stlik va hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Besh kunlik dam olish ta’tilida axborot texnologiyalari sohasidagi ekspertlar va mahorat ustalari amaliy mashg’ulotlari yordamida talabalarga bo’lajak kasbni egallash usullarini o’rgatadi. Oromgohning o’quv dasturi turli mavzular, jumladan, raqamli texnologiyalarga kirish, ilovalar veb-ishlanmasi, raqamli marketingni qamrab olgan.
Oromgohdagi yozgi treninglar qo’shma loyihalarni qo’llab-quvvatlash hamda Farg’ona vodiysining axborot-kommunikatsiya salohiyatini mustahkamlash orqali ushbu hududni yetakchi axborot texnologiyalari markaziga aylantirish uchun zamin yaratadi, deyish mumkin.
Oltmish nafar talaba dasturlash, grafik dizayn va raqamli marketing ixtisosliklari bo’yicha uch guruhga bo’lingan.
– Ushbu oromgoh Markaziy Osiyo yoshlari uchun raqamli texnologiyalar hamda odamlar turmush tarzini yaxshilash maqsadida ulardan qanday foydalanish kerakligi haqida ko’proq ma’lumot olish imkonini yaratadi, – dedi BMT Aholishunoslik jamg’armasining O’zbekistondagi vakili Yu Yu. – Biz XXI asrda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur ko’nikmalarni rivojlantirishda hududdagi yoshlarni qo’llab-quvvatlashga intilamiz.
Mutaxassis, shuningdek, tajriba asosida reproduktiv salomatlik haqidagi ma’lumotlar va resurslarga ega bo’lish, fuqarolar huquqini himoya qilishni o’rganish mumkinligini ta’kidladi.
FAO ning O’zbekistondagi vakolatxonasi direktori o’rinbosari Sherzod Umarov mavjud imkoniyatni kengaytirish hamda yoshlarimizni raqamli texnologiyalar salohiyatidan foydalanishga ilhomlantirish juda muhim ekanini qayd etgan. Zero, ushbu texnologiyalar dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va kelgusi avlod uchun atrof-muhitni muhofaza qilishda asosiy o’rin tutadi.