Ford kompaniyasi yangi Bronco’ni 2021 yil bahoridan seriyali ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Biroq koronavirus pandemiyasi va ishlab chiqarishdagi muammolar sabab yo’ltanlamas konveyerdan may oyidan chiqa boshlaydi. Dastlabki xaridorlarga esa seriyali modellar yozda yetib boradi.
Marka xodimi Jeykob Di Mariya ham yangi Bronco sotib olishni reja qilgan. Erkak yo’ltanlamas yetib kelguniga qadar qordan uning 1:1 masshtabdagi nusxasini yaratib, uni orqa hovlisiga joylashtirgan. Muallifga ushbu mashinani yasash uchun besh kun kerak bo’lgan. Erkak hovlisidagi qordan ulkan kub yasagan va oddiy belkurak yordamida unga shakl bergan. Hosil bo’lgan nusxada kuzov, g’ildiraklar, shuningdek, orqa va old panellar yaqqol ko’zga tashlanadi.
Jeykob Di Mariya o’zi yaratgan «san’at asari»dan ko’ngli to’lgan. Uning so’zlariga ko’ra, ko’chadan o’tib ketayotgan aholi noodatiy nusxaga tabassum bilan qaramoqda. Biroq Michiganda havo isishni boshlagani sabab qordan yasalgan Ford Bronco yana qancha vaqt turib berishi noma’lum.
«Hordiq plyus» gazetasi endi telefoningizda! Marhamat, ochib o’qing!